Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi 20-fevral kuni chaqiriladi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Yalpi majlisda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqiladi. Konsepsiya loyihasi 11-fevral kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, keyinroq muhokamalar asosida uning 10 dan ortiq bandiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Majlis kun tartibidan, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kredit axboroti almashinuvini yanada takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi, yer uchastkalaridan foydalanish, qurilish tartibi, donorlik harakatiga doir hamda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqish belgilangan.

Senatorlar, jumladan, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, kredit axboroti almashinuvini tartibga solish va yer uchastkalaridan foydalanishga oid qonunlarni muhokama qiladi.

Bundan tashqari, muhokamalardan sud, mahkumlarning jazo o‘tashdagi huquqlari, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq qonunlar ham o‘rin olgan.

To‘rtinchi yalpi majlisda bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish va ularga qo‘shilish masalalari aks etgan qonunlar ham ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.