Kambag‘al oilalarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun foizsiz ssudalar ajratiladi. Bu 14-fevral kuni imzolangan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida [PQ-64-son] belgilangan.

Qarorga ko‘ra, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, aylanma mablag‘lari bilan ta’minlash hamda Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishga ajratiladigan subsidiyalar o‘rniga foizsiz ssuda ajratish tizimini joriy etiladi.

Aholi tomonidan qiziqish bildirilmagan, uzoq davr mobaynida foydalanilmayotgan va samaradorligi past bo‘lgan subsidiyalar bekor qilinadi hamda bir-birini takrorlovchi subsidiyalar birlashtiriladi.

Mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, kambag‘al oilalarga tadbirkorlik hamda dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun grant va foizsiz ssudalar ajratiladi.

2026-yil 1-yanvardan aholiga naqd pul shaklida beriladigan moliyaviy yordamlar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali ajratiladi.

2025-yil 20-martgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Subsidiya, ssuda va grantlarning samaradorligini baholash va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi yangi turdagi moliyaviy yordamlar joriy etiladi:

  • ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga ular tomonidan tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq loyihalar amalga oshirilishi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi subsidiyalar;
  • o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan ishsiz fuqarolarni yoki kambag‘al oilalar a’zolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlarga ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun har bir jalb qilingan kasanachi uchun BHMning 10 baravarigacha miqdordagi 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
  • kambag‘al oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishga BHMning 50 baravariгача miqdordagi 6 oydan 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
  • kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil qilish uchun dehqon xo‘jaliklariga suv quduqlarini burg‘ilash, nasos agregatlarini sotib olish, tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish va elektr tarmoqlarini tortish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 200 baravarigacha miqdordagi 5 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
  • mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, o‘z tajribasini 10 tagacha kambag‘al oilalarga o‘rgatgan va ularga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashgan tadbirkorlarga har bir kambag‘al oila uchun BHMning 3 baravari, biroq BHMning 30 baravarigacha miqdordagi grantlar.

Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etilishi haqida xabar bergandik.