Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni shaharsozlik sohasidagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti oqsoqollar kengashi raisi, taniqli siyosatchi, Turkiyaning sobiq bosh vaziri Binali Yildirimni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida mehmon davlat rahbariga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning salomini yetkazdi.

Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surishda oqsoqollar kengashining roli va faol ishtiroki ortib borayotganini hisobga olib, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yakunida qabul qilingan dastur va tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida amaliy sheriklikni kengaytirish va aloqalarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

TDT doirasidagi bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, oqsoqollar kengashi TDT huzuridagi doimiy maslahat organi hisoblanadi.

Turkiy dunyo shaharsozlik kongressi 2002-yilda Anqara shahrida tashkil etilgan Muhandis va me’morlar uyushmasi tomonidan o‘tkaziladi. Uyushma faoliyatida Samarqand va Navoiy shaharlari hokimliklari faol ishtirok etmoqda.

Avvalroq Ozarbayjondagi biznes forumida TDT doirasida tashkil etilgan Turkiy investitsiya jamg‘armasining kapitali 600 mln dollarga oshirilishi xabar qilingandi. Bu hududda kichik va o‘rta biznesni, shuningdek, infratuzilma va savdo loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirishga qaratilgan.