Toshkent viloyatidagi Tovoqsoy qamoqxonasi — 7-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkumni devor bosib qoldi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro Mustafa Tursinbayev (mahkum) 11-fevral kuni bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida ustiga devor qulagan. U darhol shifoxonaga yetkazilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan mahkum 16-fevral kuni (oradan 5 kun o‘tib) shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish / muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Olmaliqdagi koloniyada 21 yoshli mahbus Muhammadqodir Po‘latov vafot etgani haqida xabar berilgandi. “O‘g‘limni yo zaharlashgan, yo qiynab o‘ldirishgan, degan shubhadaman. Chunki badanida qiynoq va elektroshoker izlariga o‘xshash chiziqlar bor edi”, — deya ma’lum qilgan yigitning onasi “Gazeta.uz”ga. Ombudsman idorasi vaziyatni o‘rganayotganini bildirdi. IIV esa bu xabar yuzasidan hech qanday izoh bermadi.