Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida bir necha o‘n yillik chinor daraxtiga qasddan shikast yetkazilgani aniqlandi, deya xabar berdi viloyat Ekologiya boshqarmasi.

Qayd etilishicha, shaharning Zilol mahallasi Huqandiy mavzesida ikki nafar noma’lum shaxs hech qanday ruxsatnomasiz chinor daraxtini tagidan yarim qismiga qadar arralab ketgan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 117 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, ular daraxtni yo‘q qilishga urinish davomida ekologiya va ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan va ularni haqoratlagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va boshqa moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2025-yilning o‘tgan davrida 848 tup daraxt noqonuniy kesildi

2020-yilda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga e’lon qilingan moratoriy 2022-yildan muddatsiz davrga uzaytirilgandi. Jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirildi. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlandi.

Bosh prokuratura respublikada e’lon qilingan moratoriy hozir ham amalda ekani va daraxtlarni nobud qilish yoki shikastlash uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo choralari belgilanganini eslatib o‘tdi.

“Ekologik madaniyatning oshishi va aholining yashil muhitni asrashga bo‘lgan mas’uliyati kuchayishi tufayli mamlakatimizda noqonuniy daraxt kesish holatlari tubdan kamaydi. Jumladan, moratoriy joriy etilgunga qadar bo‘lgan davrga nisbatan bu kabi qonunbuzarliklar 60 foizga kamaygan. Bu esa fuqarolarning faolligi va jamoatchilik nazoratining kuchayganini anglatadi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, noqonuniy daraxt kesish holatlari butunlay to‘xtagani yo‘q. 2025-yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha 848 tup daraxt noqonuniy kesilib, tabiatga jiddiy ziyon yetkazilgan. Har bir holatda aybdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq jazo choralari qo‘llangan.

“Faqat birgalikda harakat qilsak, yurtimizda mavjud har bir daraxtni asrab qolib, go‘zal yashil makon barpo etishimiz mumkin”, — deya qayd etdi Bosh prokuratura.