Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon-Buxoro avtomobil yo‘lida daraxtlar kesilayotgani haqidagi videolavhalar tarqaldi.

Buxoro viloyati ekologiya boshqarmasi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau” avtoyo‘lining 218−228 km (20 km) qismini rekonstruksiya qilish doirasida 1824 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bo‘sh maydonlarga ko‘chirib o‘tqazish ishlari olib borilayotgani haqida xabar berdi.

Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi (VMQ-464) qarori bilan tasdiqlangan daraxtlar va butalarni kesish, ko‘chirib o‘tqazish yoki kompensatsiyaviy ekish tartibiga muvofiq amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, qurilayotgan “Boqiy Buxoro” sayyohlik markazi va “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘iga allaqachon 151 tup daraxt ko‘chirib o‘tqazilgan. Qolgan daraxtlarni ko‘chirish ishlari ham davom etmoqda.

“A-380 „G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau“ yo‘lida rekonstruksiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon davomida loyiha doirasiga tushgan barcha daraxtlar ekologik talablar va amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda yangi joylarga ko‘chirib o‘tqazilishi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.

Magistral yo‘lni rekonstruksiya qilish uchun daraxtlarni ko‘chirish haqida 2023-yil iyul oyida xabar qilingan edi. O‘shanda Buxoro viloyatida 31,3 ming tup daraxt va buta ko‘chatlarini ko‘chirish rejalashtirilgan. Surxondaryoda 111 kilometr avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun yana 21,8 ming tup daraxt ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

O‘sha vaqtda Ekologiya vazirligi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev tomonidan imzolangan hukumat komissiyasining 21-iyuldagi 58-sonli yig‘ilishi bayonnomasida Ekologiya vazirligiga bir hafta muddatda ko‘rsatilgan daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda ko‘chirish bo‘yicha asoslantirilgan xulosa berish va komissiyaga takliflar kiritish topshirilgani haqida xabar bergandi.

Yakunda Ekologiya vazirligi yashil maydonlarni yo‘q qilish yoki shikastlash og‘ir jinoyat ekanini eslatib, salbiy xulosa bergan. Shuningdek, tashkilot respublika bo‘ylab kuzatilayotgan chang va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishda daraxt va butalar muhim o‘rin tutishini ta’kidlagandi.

Vazirlik tomonidan hokimliklarga yuborilgan javoblardan so‘ng Buxoro viloyatidan qurilish kompaniyasi vakillari vazirlikda bo‘lib, daraxt va butalarga zarar yetkazmagan holda loyihaga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ma’lumot bergan.

Vazirlik eslatishicha, vazir Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan bunday murojaatlarni ko‘rib chiqishning yangi mexanizmi — daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish joriy etilgan. Ularda mahalliy aholi, ommaviy axborot vositalari va faollar ishtirok etishi mumkin.

Daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘tkazish haqida hozircha ma’lumot yo‘q.