Prezidentlar Vladimir Putin va Donald Trampning telefon orqali muloqotidan ko‘p o‘tmay, 18-fevral kuni uch yil ichida ilk bor Rossiya va AQSh o‘rtasidagi birinchi oliy darajadagi muloqot — Saudiya Arabistonida tashkil etilgan ikki davlat delegatsiyalari muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda RBK.
Muzokara qatnashchilari
Muzokaralar 4,5 soat atrofida davom etdi. Ularda Moskvadan prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, iqtisodiyot sohasiga mas’ul bo‘lgan Kirill Dmitriyev ishtirok etdi. Vashington tomonidan muzokaralarda davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va prezidentning Rossiya bilan munosabatlar bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff qatnashdi. Uchrashuvda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon Ol Saud va qirolning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Musayd bin Muhammad al-Ayban ham ishtirok etdi.
Birinchi navbatda, muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning “butun majmuasini tiklash” haqida so‘z borishiga e’tibor qaratildi. Boshqa mavzular qatorida esa Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha “mumkin bo‘lgan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish” va Putin va Trampning uchrashuvini tashkil etishni tilga olindi.
Nimaga kelishildi?
Delegatsiyalar barcha mavzular bo‘yicha “jiddiy suhbat” o‘tkazdi, dedi Ushakov. Uning ta’kidlashicha, hozircha ikki davlat pozitsiyalari yaqinlashmoqda deb aytish qiyin, “lekin suhbat shu haqda bo‘lgan”. Muhokamaning asosiy natijalari shulardan iborat.
Ukrainadagi mojaroni hal qilish
- “Biz [bu mavzuni] muhokama qildik va o‘zimizning prinsipial yondashuvlarimizni bayon qildik. Bu mavzu bo‘yicha muzokarachilarning alohida guruhlari o‘z vaqtida aloqaga kirishishi haqida kelishib oldik”, — dedi Ushakov Ukraina masalasida.
- Rossiya va AQSh Ukraina bo‘yicha uch bosqichli tinchlik rejasini taklif qildi, deb xabar berdi Fox News muxbiri Jeki Xaynrich manbalarga tayanib. Birinchi bosqich — o‘t ochishni to‘xtatish. Ikkinchisi — Ukrainada saylov o‘tkazish. Uchinchisi — yakuniy bitimni imzolash.
- Rossiya va AQSh Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha ishlarni boshlash uchun yuqori darajadagi jamoalarni aniqlashga kelishib oldi, dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus. Shuningdek, tomonlar Ukrainadagi harbiy harakatlar tugaganidan keyin paydo bo‘ladigan “o‘zaro geosiyosiy manfaatlar” va “iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlar” bo‘yicha kelajakdagi hamkorlik uchun poydevor yaratmoqchi.
- Ukraina bo‘yicha Rossiyadan muzokarachilar qatoriga kim kirishini prezident hal qiladi, hozircha jamoa tarkibi noma’lum, dedi Ushakov. Uning so‘zlariga ko‘ra, delegatsiyalar bir-biriga Ukraina mojarosi atrofidagi muammo bo‘yicha “prinsipial yondashuvlarini” bayon qilgan.
- Davlat departamenti muzokaralarni Ukrainadagi mojaroni tugatish uchun “oldinga tashlangan muhim qadam” deb atadi, biroq “mustahkam tinchlikka erishish uchun” birgina uchrashuv yetarli emasligini ta’kidladi.
Ikki tomonlama munosabatlar
- AQSh va Rossiya Vashington hamda Moskvadagi elchixonalar xodimlarining avvalgi sonini tiklashga kelishib oldi, dedi Rubio.
- Delegatsiyalar, shuningdek, Rossiya va AQSh “diplomatik vakolatxonalari ishini normallashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish maqsadida ikki tomonlama munosabatlardagi ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha maslahatlashuvlar mexanizmini yaratishga” qaror qildi.
- Putin va Trampning uchrashuvi kelasi hafta o‘tkazilishi dargumon, bu delegatsiyalar oldida “og‘ir mehnat” turibdi, dedi Ushakov. “Biz bunga tayyormiz, biroq ikki yetakchi uchrashuvining aniq sanasi haqida gapirish hali qiyin”, — dedi u.
- Kirill Dmitriyev muzokaralarni “juda konstruktiv muloqot” va munozaralarning ijobiy boshlanishi sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab aloqa nuqtalari va Rossiyaning pozitsiyasini eshitishga aniq urinish bo‘lgan. “Hurmat ustiga qurilgan, xotirjam muloqot bo‘ldi. Odamlar bir-birlarini yaxshiroq bilib olishdi. Amerika tomoni ikki buyuk davlat bir-biri bilan muloqot qilmasligi, bir-birini tushunmasligi mumkin emasligi haqida juda muhim messejni yetkazdi”, — dedi Dmitriyev.
- Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Vashingtonga savdo-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha bir nechta takliflarni yuborgan. U gap aynan nima haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq Rossiya va AQSh Arktikada qo‘shma loyihalar bilan shug‘ullanishi mumkinligini ta’kidladi.
Rossiya va AQSh muzokaralariga munosabat
Uchrashuv arafasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev muzokaralar Ar-Riyodda tuzilgan taqdirda, mojaroni hal qilish bo‘yicha har qanday kelishuvlarni tan olmasligini aytdi. “Biz har qanday narsani yoki biz haqimizdagi har qanday kelishuvni bizsiz tan ololmaymiz”, — dedi u.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham muzokaralar arafasida Parijda Yevropa davlatlarining favqulodda norasmiy sammitini chaqirdi. Shundan so‘ng u “Rossiya o‘z tajovuzini to‘xtatishi kerak”, Ukraina esa ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olishi kerakligini aytdi. “Aks holda, ushbu o‘t ochishni to‘xtatish Minsk kelishuvlari kabi yakunlanishi xavfi mavjud”, — deb yozdi Makron.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyodda muzokaralar boshlangani munosabati bilan bayonot berdi, unda aytilishicha, Pekin tinchlikka erishishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni olqishlaydi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Szyakun barcha manfaatdor tomonlar kelishuv jarayoniga o‘z vaqtida qo‘shila olishiga umid bildirdi. Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina ham, Yevropa Ittifoqi ham ishtirok etmadi.
Rossiya TIVning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining Rossiyani “strategik mag‘lubiyatga uchratish” istagi uning muzokaralar stolidan joy olish imkoniyatini istisno qiladi. Bryussel kelishuv doirasida qila oladigan yagona narsa — Ukrainaga harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishni to‘xtatish, dedi vazir o‘rinbosari Aleksandr Grushko.