Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi ta’sischiligida talabgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va bozorga yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan Uzagrostar xolding kompaniyasi tashkil etildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, MCHJ shaklida ochiladigan Uzagrostar xolding muassisligida tashqi va ichki bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kesimida bazaviy va qamrab olinadigan tumanlarni belgilash va ushbu hududlardagi mahallalarda mahsulot yetishtirishning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil etiladi.
Kompaniyaning asosiy vazifalaridan biri — yer maydonlarida mahsulot yetishtirishda ixtisoslashuvni chuqurlashtirish orqali tumanlar va mahallalarda o‘sish nuqtalarini shakllantirish.
Bunda bazaviy tumanlar ixtisoslashgan kompaniyalarning asosiy faoliyati uchun markaz bo‘lib xizmat qiladi. Qamrab olinadigan hududlarda belgilangan navlardagi mahsulotlarni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va tashish bilan bog‘liq innovatsiyalar, yangi texnologiyalar va yondashuvlarni tarqatish va joriy etish kengaytiriladi.
Ijobiy tajribalar boshqa tumanlarda ham bosqichma-bosqich qo‘llanadi, alohida yo‘nalishlarda va tegishli brend ostida faoliyat yuritishga ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil etilib, faoliyati muvofiqlashtiriladi.
Uzagrostar xolding tomorqa kengashi bilan kelishgan holda ixtisoslashgan kompaniyalar ustav kapitalini shakllantirish va moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun mablag‘ yo‘naltiradi. Mavjud muammo va masalalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda zaruriy normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi.
Aholi tomorqalarida va dehqon xo‘jaligi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvni rag‘batlantirish maqsadida quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi:
- uzum ko‘chatini shpalerga o‘tkazishga har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya beriladi;
- tomorqadagi bog‘larni yangilash uchun in-vitro ko‘chat sotib olish xarajatining 50 foizi qoplab beriladi;
- 2025-yilda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va ularning xaridi uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlarga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Prezidentning tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilishga doir farmonida keltirilishicha, Uzagrostar xolding kompaniyasi ustav kapitalini shakllantirish uchun 25-fevralga qadar Dexqon xo‘jaliklari va tomorqa yeg egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 300 milliard so‘m ajratiladi.