Migratsiya agentligi va Germaniyaning Amazone ish beruvchi tashkiloti qator sohalarda ish o‘rinlariga taklif etmoqda, deya xabar berdi agentlikning Telegram`dagi “Xorijda ish” e’lonlar kanali.

Qayd etilishicha, payvandchi, muhandis-mexanik va chilangar yo‘nalishlarida 70 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ularga 1800 yevro oylik to‘lanadi. Lekin uy ijarasi va ovqatlanish o‘z hisobidan bo‘ladi. Ish jadvali haftasiga besh kun (40 soat) bo‘lib, sinov muddati olti oyni tashkil qiladi.

Nomzodlarga 40 yoshdan oshmagan va nemis tilidan kamida A2 darajadagi Gyote, Telc yoki ÖSD xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari kerak.

Ulardan, shuningdek, metall texnologiyasi, qishloq xo‘jaligi va texnika yo‘nalishida kasb ta’lim diplomi yoki avtomobilsozlik, mashinasozlik, agrar mashinasozlik bo‘yicha bakalavr diplomi, soha bo‘yicha kamida 1 yillik tajriba, sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lishi talab etiladi.

Qishloq xo‘jalik texnikasi, gidravlika, elektron komponentlarni yig‘ishda nazariy-amaliy ko‘nikmasi borlarga afzallik beriladi.

Tanlab olingan nomzodlarga quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • aviabilet;
  • aeraportdan ish joyigacha transfer;
  • arzonlashtirilgan yashash joyi topishda yordam.

Nomzodlar quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Murojaat uchun: +998 71−202−33−55 (ichki raqam 10).