Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda suv xavfsizligini yaxshilash uchun qarz ajratadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, 18-fevral kuni tashkilot O‘zbekiston hukumatining suv resurslarini boshqarish sektorini modernizatsiya qilish, suv xavfsizligini yaxshilash va mamlakatda xavfsiz hamda ishonchli suv ta’minotidan foydalanish imkoniyatini oshirish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 125 mln dollar miqdorida qarz ajratilishini ma’qullagan.

“Iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda suv resurslarini aqlli boshqarishni yaxshilash loyihasi aktivlarni boshqarishni va xizmatlarni ko‘rsatish barqarorligini yaxshilash, shuningdek, milliy suv ta’minoti korxonasi xodimlarining institutsional salohiyatini oshirish imkonini beradi. Bu, shuningdek, qarorlarning yanada samarali qabul qilinishiga va suv resurslarini boshqarish va energiyadan foydalanish samaradorligini yaxshilashga olib keladi va shu tarzda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekistondagi suv resurslari iqlim o‘zgarishi va samarasiz foydalanish tufayli jiddiy tahdid ostida. OTB loyihasi O‘zbekistonda uglerod izini kamaytirish uchun suvdan foydalanishni yaxshilash, energiya sarfini kamaytirish va operatsion samaradorlikni oshirish uchun suvni boshqarishning aqlli tizimlarini joriy etadi”, — deya ta’kidladi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

OTB loyihasi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallariga mamlakat bo‘ylab asosiy suv iste’moli obyektlarida suv sarfini hisobga olish va telemetriya tizimini o‘rnatishni yakunlashda yordam beradi. Loyiha doirasida butun suv ta’minoti va oqava suv infratuzilmasi, shu jumladan, taxminan 4 mln mijoz ulanishlari uchun aktivlar inventarizatsiya qilinadi va joylarda geografik xaritalash ishlari amalga oshiriladi.

Kommunal xizmatlarni IT asosida iqlimga moslashgan boshqarish tizimlarining integratsiyalangan paketi ishga tushiriladi va bu milliy suv ta’minoti korxonasi xodimlari uchun tegishli o‘quv kurslarini ham o‘z ichiga oladi. Loyiha, shuningdek, mijozlar markazlari faoliyatini yangi moliyaviy boshqaruv dasturiy ta’minotini taqdim etish orqali yaxshilash imkonini beradi, bu esa xalqaro standartlarga asoslangan shaffof moliyaviy hisobotlarni yaratish imkonini beradi.

Loyiha ekspluatatsion xarajatlarni qisqartirish, ishchi kuchi samaradorligini oshirish, shuningdek, mijozlar bilan o‘zaro aloqalar va qoniqishni yaxshilash uchun o‘zgartiruvchi raqamli yechimlar va texnologiyalarni joriy etishga yordam beradi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025-yil OTB va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik boshlanganiga 30 yil to‘ldi. O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan va o‘shandan beri bank mamlakatga jami 14,3 mlrd dollar miqdorida davlat sektori qarzi, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.

OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 69 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasida joylashgan.