Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov Toshkent shahridagi “Anhor Lokomotiv” bog‘iga tutash hududlarda rejalashtirilgan qurilish ishlari yuzasidan Bosh prokuratura, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent shahri hokimligiga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda Ekologiya partiyasi xabar qildi.
So‘rovda bog‘ning madaniy xordiq chiqarish va dam olish maskani sifatida saqlab qolish choralari belgilanganmi, shuningdek, bu hududda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi qonun hujjatlariga qanchalik muvofiq kelishi haqida savollar ko‘tarilgan.
“Anhor Lokomotiv” bog‘ida nima bo‘lyapti?
9−10-fevral kunlari ijtimoiy tarmoqlarda bog‘da qurilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.
Golden House qurilish kompaniyasining mahsulot bo‘yicha direktori Vadim Pavlovning taqdimotiga ko‘ra, bog‘ hududida biznes va premium toifadagi ko‘p qavatli turar joy binolari, biznes markazi va savdo markazi, basseynli sport majmuasi, konferensiya markazi, apart-mehmonxona, sayr qilish joylari, suv bo‘yida restoranlar va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, sun’iy suv havzasi va bolalar plyaji barpo etish ko‘zda tutilgan.
Attraksionlar olib tashlanishi kutilmoqda, biroq qo‘shni “Navro‘z” etnoparki hududi va charxpalak buzilmaydi.
Maketga ko‘ra, savdo majmuasi, karting-klub, qoyaga chiqish zonasi ham buziladi.
Qarshi petitsiya
Avvalroq “Moviy gumbazlar” bog‘ida Mustaqillik monumenti qurilishiga qarshi aksiyada ishtirok etgan “Kosmonavtlar bog‘imizni himoya qilamiz” Telegram-kanali 14-fevral kuni “Anhor Lokomotiv” bog‘ining qurilish tarixi haqida ma’lumot berdi.
Nashrda 2014-yilda aviatsiya zavodi filiali buzib tashlanganidan keyin hududni qurish loyihasi aks etgan fotosurat taqdim etilgan.
Loyihani amalga oshirish 2016-yilda ochilgan “Anhor Lokomotiv” attraksionlar parki bilan boshlangan. O‘shanda bo‘sh turgan hududga 10 mingdan ortiq daraxt va manzarali o‘simliklar ekilgan, deyiladi nashrda.
2018-yilda, post muallifining so‘zlariga ko‘ra, prezident qarori bilan qurilish davom ettirilgan — sayyohlarni jalb qilish va xalq hunarmandchiligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Navro‘z” sayilgohi va hunarmandlar shaharchasini tashkil etish boshlangan.
2019-yilda poytaxt aholisi va mehmonlari obodonlashtirilgan hududda sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo loyihaning qolgan qismi to‘xtatib qo‘yilgan va hozirga qadar amalga oshirilmagan. Shu bilan birga, o‘tgan 10 yil davomida ekilgan o‘simliklar ildiz otib, o‘sib chiqqan va bog‘ soya-salqin maskanga aylangan.
Telegram kanal “bog‘ni buzib, uning o‘rniga 20 ta ko‘p qavatli bino qurishni nazarda tutuvchi” yangi loyihaning foto va videolari paydo bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Maqola muallifi so‘nggi yillarda bog‘lar barpo etishga mablag‘ va kuch sarflanayotgani, keyin esa o‘n yildan so‘ng ularni qurilish uchun buzish sabablari haqida savol ko‘tardi.
15-fevral kuni Telegram kanal bog‘ni qayta qurish rejasiga qarshi onlayn petitsiya e’lon qildi.
“Bog‘ o‘rniga yangi majmua qurish va keyinchalik 10 mingdan ortiq daraxt hamda yashil maydonlarni ayovsiz kesib tashlash, o‘tmishda eng ko‘kalamzor bo‘lgan shahar ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bu bog‘da ishlaydigan yuzlab xodimlarning ish o‘rinlarini yo‘qotishiga ham olib keladi”, — deyiladi petitsiyada.
17-fevraldan boshlab bog‘ qurilishiga qarshi yana bir petitsiya tashkil etildi. Telegram-kanal ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun ichida 1500 dan ortiq kishi “Anhor Lokomotiv”ga tashrif buyurib, petitsiya imzolagan.
Ko‘plab bloger va faollar, jumladan, ekobloger Mo‘’tabar Xushvaqtova (O‘rikguli) ham bog‘ni saqlab qolish tarafdori bo‘ldi.
“Labzak” mahallasi raisi, 1988-yildan buyon shu mahallada istiqomat qilib kelayotgan Ozoda Ismoilaning aytishicha, ilgari mavjud bog‘ o‘rnida yashil bog‘ bo‘lgan, “daraxtlar kesib tashlangani uchun undan 20 foizga ham qolmagan”.