Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-20 terma jamoasi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining “S” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan holda chorak finalga chiqdi.

Avvalgi guruh o‘yinlarida O‘zbekiston Yaman (1:0) va Indoneziya (3:1) termalarini mag‘lub etgandi. Jamoa uchinchi o‘yinda ushbu jamoalarni mos ravishda 6:0 va 3:0 hisobida mag‘lub etgan Eron bilan to‘qnash keldi.

O‘zbekiston va Eron terma jamoalari 19-fevral kuni Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan va 1:2 hisobida yakunlangan o‘zaro o‘yindan avvaloq chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib ulgurdi.

O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinni asosiy hujumchi Muhammadali O‘rinboyevsiz boshlagan bo‘lsa, Eron Yaman ustidan 6:0 hisobidagi o‘yinda ikkita gol urgan “Istiqlol” yarim himoyachisi Abolfazl Zamoniyni zaxirada qoldirdi.

Eron o‘yinni faol boshladi va 19-daqiqadayoq xavfli vaziyat yuzaga keltirdi: Yusef Mazrae jarima maydonchasi tashqarisidan zarba yo‘lladi, biroq to‘p himoyachiga tegib, burchakka chiqib ketdi.

38-daqiqada Eron hisobda oldinga chiqib olish uchun yaqqol imkoniyatni boy berdi: Alireza Homayeifar jarima maydonchasiga kross uzatdi, biroq Esmoil G‘olizodaning zarbasi to‘g‘ri o‘zbekistonlik darvozabon Muhammadyusuf Sobirovning o‘ziga kelib tushdi.

Sobirov Hesam Nafari boshi bilan bergan xavfli zarbani qaytargan holda burchak to‘pidan so‘ng ham jamoasini qutqarib qoldi.

Biroq 52-daqiqada o‘zbekistonlik darvozabon xatoga yo‘l qo‘ydi: Mazraening kuchli zarbasini ushlab qola olmadi va to‘p darvoza to‘ridan joy oldi — 1:0.

64-daqiqada eronliklar hisobdagi farqni oshirdi: darvozabon qo‘polligidan so‘ng Abolfazl Moredi penalti ishladi, G‘olizoda esa 11 metrlik zarbani ishonchli tarzda golga aylantirdi — 2:0.

69-daqiqada Muhammadali O‘rinboyev o‘yinga qo‘shildi va oradan 10 daqiqa o‘tib jarima maydonchasi markazidan darvozaga aniq zarba yo‘llab, intrigani tiklashga muvaffaq bo‘ldi — 2:1.

84-daqiqada Puriya Shahrabadi himoyachini yengib, kuchli zarba yo‘lladi va darvoza to‘sinini poyladi. Biroq bu uchrashuv natijasiga ta’sir qilmadi — eronliklar g‘alaba qozondi.

Eron guruh bosqichini uchta g‘alaba bilan yakunladi va endi chorak finalda “D” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa bilan to‘qnash keladi. Turnirning amaldagi chempioni O‘zbekiston ushbu guruh g‘olibi bilan o‘ynaydi.

Nashr e’lon qilingan vaqtda “D” guruhida Janubiy Koreya (6 ochko) birinchi, Yaponiya (4) ikkinchi o‘rinda. Ular guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida o‘zaro to‘qnash keladi. Suriya (1) Tailand (0) bilan o‘ynaydi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov jamoa “g‘alaba qozonmoqchi bo‘lgani, biroq xatolar tufayli mag‘lub bo‘lganini” ta’kidladi.

“Bir qator futbolchilarga dam berishga qaror qilgandik, shu sababli tarkibda o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘yin natijasidan ko‘nglim to‘lmadi, bu o‘yinda g‘alaba qozonishni maqsad qilgandik. Keyingi bosqichda bizga kim raqib bo‘lishi ertaga ma’lum bo‘ladi. Ertaga raqibimiz kim bo‘lishini bilgach, shunga qarab reja bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ramiz”, — dedi u.

Unga ko‘ra, O‘rinboyevda kichik jarohat bo‘lgan, shu bois u keyingi bosqichga qadar to‘liq tiklanish uchun asosiy tarkibga kiritilmagan.

Musobaqada 16 ta jamoa ishtirok etmoqda. Eng yaxshi to‘rtta terma jamoa Chilida bo‘lib o‘tadigan U-20 jahon chempionatiga yo‘llanma oladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Osiyo kubogining amaldagi chempioni hisoblanadi. 2023-yilda murabbiy Ravshan Haydarov boshchiligidagi yoshlar terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ushbu turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.

Statistika

фuтбол, эрон, u-20 осиё кuбоги

Video

Foto