O‘zbekiston Markaziy banki 18-fevral kuni prezident tomonidan imzolangan “Banklardagi omonatlarini himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi yangi qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga izoh berdi.

2009-yildan beri O‘zbekistonda inqiroz davrida joriy etilgan omonatlarni 100 foiz kafolatlash tizimi amal qilib kelmoqda. Biroq bugungi kunda bunday tizim faqat O‘zbekiston, Turkmaniston va Belarusda saqlanib qolgan. Aksariyat mamlakatlarda limitlar o‘rnatilgan.

Endi O‘zbekistonda omonatlar bo‘yicha kafolatning eng yuqori miqdori bir bankdagi bir omonatchi uchun 200 million so‘mni (taxminan 15,4 ming dollar) tashkil etadi.

Ushbu talab qonun kuchga kirgandan keyin joylashtirilgan yangi omonatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

“Agar sizning banklarda yangi qonun kuchga kirgunga qadar qo‘ygan muddatli yoki jamg‘arma omonatingiz bo‘lsa, omonatlaringiz miqdoridan qat’i nazar to‘liq kafolatlanadi. Agarda pulingiz 200 million so‘mdan kam miqdorni tashkil etadigan bo‘lsa, unda omonatingiz to‘liq miqdorda kafolatlanadi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, limit belgilanishi banklarni fuqarolik javobgarligidan ozod qilmaydi. Ular avvalgidek o‘z aktivlari va mol-mulki bilan mijozlar oldida javobgar bo‘lib qolaveradi. Ya’ni 200 million so‘mni davlat qoplaydi, qolgan qismini esa omonatchi bankdan talab qilishi mumkin.

Yana bir yangilik, endilikda nafaqat jismoniy shaxslarning, balki yuridik shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning omonatlari ham kafolatlanadi.

Omonatlarni kafolatlash nima uchun zarur va nima uchun ma’lum limitlarni belgilash muhim?

MB ma’lumotlariga ko‘ra, yangi qoidalar omonatchilarni himoya qilish uchun zarur: agar bank tugatilsa, omonatchilar o‘z mablag‘larini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, cheklangan limit omonatchilarni faqat yuqori foizlarga emas, balki banklarning moliyaviy barqarorligini baholab, ularni ongli ravishda tanlashga undaydi.

Bundan tashqari, bu banklarning moliyaviy intizomini mustahkamlaydi, ular yuqori stavkalarga ega xavfli depozit dasturlari orqali emas, balki ishonchlilik va barqarorlik orqali raqobatlashishi kerak bo‘ladi.

Cheklanmagan barcha omonatlarning to‘liq kafolati inqiroz holatida sezilarli davlat xarajatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Limitning joriy etilishi tizimni boshqaruvchanligini oshiradi va iqtisodiyot uchun xavflarni kamaytiradi.

Agar omonatingiz 200 million so‘mdan oshsa nima bo‘ladi?

Markaziy bankning bildirishicha, belgilangan 200 million so‘mlik kafolat miqdori bankka undan ko‘proq mablag‘ qo‘yishni taqiqlamaydi. “Pullarni bankda saqlash, ularni uyda saqlashdan ancha xavfsiz va manfaatli. Omonatni bu miqdorda kafolatlash esa faqatgina bank tugatilgan taqdirdagina qo‘llaniladi, aks holda banklar omonatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shartnoma asosida bajaraveradi”, — deya ta’kidladi regulyator.

Bundan tashqari, o‘zgartirish bilan bank litsenziyasi chaqirib olinganda kompensatsiya to‘lashni boshlash muddati qonun kuchga kirgandan keyin 83 kundan 20 kungacha, 2026-yildan esa 15 kungacha, 2027-yil 1-yanvardan 7 kungacha qisqartiriladi.

Bu Omonatlarni kafolatlash agentligiga kompensatsiya to‘lash uchun ko‘pi bilan 20 ish kuni berilishini, ammo zarur tadbirlar amalga oshirilsa, to‘lovlar muddatidan oldin ham amalga oshirilishi mumkinligini anglatadi.

“Agarda siz kompensatsiya to‘lab berish uchun belgilangan muddat ichida o‘z mablag‘laringizni qaytarib olishga ulgurmagan bo‘lsangiz ham xavotirga o‘rin qolmaydi, ya’ni o‘z pullaringizni agentlikdan istalgan vaqtda qaytarib olishingiz mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Ushbu havola orqali qonun bilan batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.