Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni yangi tahrirdagi “Banklardagi omonatlarini himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi (avvalgi tahriri 2002-yil qabul qilingan). Hujjat “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilindi.

Qonunni ishlab chiqish

Omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonun Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadini ko‘zlagan.

Ekspertlar amaldagi tizimni o‘rganib chiqib, omonatlarni samarali sug‘urtalashning 16 ta xalqaro tamoyilidan 8 tasi bajarilmayotganini aniqladi. Asosiy muammolar Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi depozitlarni to‘liq himoya qila olmasligi bilan bog‘liq. Bu esa omonatchilarni banklarning moliyaviy barqarorligini hisobga olmay, faqat yuqori foizli banklarni tanlashga majbur qilmoqda.

Bundan tashqari, ko‘pchilik jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi Xalq banki davlat kafolatlarini olgani bois omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etmaydi. Mutaxassislarning fikricha, bu moliya bozoridagi raqobatni buzadi.

Nima o‘zgaradi?

O‘zbekistonda 2009-yildan beri inqiroz davrida joriy etilgan omonatlarni 100 foiz kafolatlash tizimi amal qilib kelmoqda. Biroq bugungi kunda bunday tizim faqat O‘zbekiston, Turkmaniston va Belarusda saqlanib qolgan. Ko‘plab mamlakatlarda quyidagi chegaralar o‘rnatilgan:

  • Qozog‘iston — 43 ming dollar;
  • Ozarbayjon — 17,7 ming dollar;
  • Rossiya — 15,4 ming dollar;
  • Turkiya — 14 ming dollar;
  • Yevropa Ittifoqi — 100 ming yevrogacha.

Yangi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda endi bir bankdagi bitta omonatchiga to‘lanadigan kafolat summasi 200 million so‘mgacha (taxminan 15,4 ming AQSh dollari) bo‘ladi. Mijozlar bankka 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ qo‘yishlari mumkin. Biroq bank tugatilgan taqdirda, davlat faqat 200 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni qoplashni kafolatlaydi. Omonatchi qolgan summani bankdan sud orqali undirib olishi mumkin bo‘ladi.

Biroq mijozning turli banklarda omonatlari bo‘lsa, himoya har bir tashkilotga alohida tatbiq etiladi (masalan, 36 ta bankdagi omonatlarda himoya summasi 7,2 milliard so‘mgacha yetishi mumkin).

Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev avvalroq ushbu limit omonatchilarning 97 foizini qamrab olishini, bu jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (90 foiz) yuqori ekanini ta’kidlagandi.

“Rasmiy xabarlar” Telegram kanali ma’lumotlariga ko‘ra, yangi limit omonatlar darajasining 99,7 foizidan oshmaydi, ya’ni hozirgi sharoitda ularning mablag‘lari to‘liq himoyalanadi.

Bugungi kunda depozitlarning umumiy hajmi 308,6 trillion so‘mni tashkil etadi (2017-yilda 37 trillion so‘m edi). Jismoniy shaxslarning jami omonatlari 122,5 trillion so‘mga yetdi, shundan 200 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ 99,7 foiz omonatchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, 200 million so‘m miqdoridagi kafolatlangan summa endilikda yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yuridik shaxslarning so‘mdagi va valyutadagi omonatlariga ham tatbiq etiladi.

Nimalar kafolatlanadi?

Quyidagilar omonatni kafolatlash obyekti hisoblanadi:

  • bank omonati shartnomasi yoki bank hisobvarag‘i bo‘yicha bankka qo‘yilgan pul mablag‘larining qoldig‘i;
  • shartnoma shartlari bajarilgunga qadar alohida hisobvaraqlarda saqlanadigan mablag‘lar (masalan, “eskrou” xizmati);
  • jamg‘arma (depozit) sertifikati bilan tasdiqlangan mablag‘lar;
  • bank omonati yoki hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha kafolatli holat yuzaga kelgan paytda to‘lanmagan hisoblangan foizlar qoldig‘i, agar ularni hisoblash shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;
  • jamg‘arma (depozit) sertifikatida ko‘rsatilgan, hisoblangan, lekin to‘lanmagan foizlar qoldig‘i.

Qanday omonatlar kafolatlanmaydi?

Kafolatlar quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • moliya tashkilotlarining, jumladan banklar, nobank kredit tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari, investitsiya va pay fondlari, lizing kompaniyalari, shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy davlatlar hokimiyatlarining litsenziyasi yoki ruxsati asosida moliyaviy faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlarning depozitlari;
  • davlat tashkilotlari va korxonalarining, shuningdek, O‘zbekiston yoki xorijiy davlatlar davlat organlarining omonatlari;
  • bank bilan aloqador shaxslarning omonatlari (boshqaruv a’zolari va bankning asosiy xodimlari bundan mustasno, agar ularning miqdori oxirgi uch oydagi ish haqidan oshmasa);
  • xorijiy filiallarga yoki shuba banklarga joylashtirilgan mablag‘lar;
  • shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi pullar;
  • noqonuniy yo‘l bilan, shu jumladan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishdan olingan mablag‘lar (agar bu sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa).

Nima omonat hisoblanmaydi?

Omonat tushunchasiga quyidagilar kirmaydi:

  • bankning regulyativ kapitaliga kiritilgan aksiyalar va boshqa vositalar;
  • bank tomonidan chiqarilgan qarz qimmatli qog‘ozlari, jumladan, obligatsiyalar va oddiy veksellar;
  • bankning subordinatsiyalangan qarz majburiyatlari;
  • bank seyflaridagi pul mablag‘lari (bunday hisobvaraqlarda saqlash kompensatsiya olish huquqini bermaydi);
  • moliyaviy vositalar, jumladan, fyucherslar, opsionlar, hosila shartnomalar bo‘yicha talab qilish huquqi;
  • aktivlarni ishonchli boshqarish — bankka boshqaruvga topshirilgan mablag‘lar ham davlat kafolati ostiga kirmaydi.

Qanday kafolatlar saqlanib qoladi?

Kompensatsiyaning yangi miqdori allaqachon ochilgan omonatlarga ta’sir ko‘rsatmaydi — ular bo‘yicha to‘liq kafolat saqlanib qoladi, ammo bu faqat muddatli va jamg‘arma omonatlarga taalluqli (talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga nisbatan amal qilmaydi). Biroq agar omonat belgilangan limitdan oshirilgan va qonun kuchga kirgandan so‘ng uni qaytarish muddati uzaytirilgan bo‘lsa, u holda kafolat 200 mln so‘mgacha qo‘llaniladi.

Cheklov banklarni omonatchilar oldidagi majburiyatlardan ozod qilmaydi. Davlat 200 mln so‘mni qoplaydi, lekin omonatchi qolgan summani bankdan talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘zgartirishlar bilan bank litsenziyasi chaqirib olinganda kompensatsiya to‘lashni boshlash muddati qonun kuchga kirgandan so‘ng 2 oy 23 kundan 20 kungacha, keyinchalik 2026-yildan 15 kungacha, 2027-yil 1-yanvardan 7 kungacha qisqartirilmoqda.

Qo‘shimcha kompensatsiya

Agar bank tugatilsa yoki qayta tashkil etilsa (boshqa bank bilan birlashsa yoki qo‘shilsa), omonatchilar qo‘shimcha kompensatsiya olishadi.

Bu omonatchilar, shuningdek omonatlarning merosxo‘rlari yoki bank birlashgandan keyin 6 oy ichida ularni olganlar uchun qo‘shimcha to‘lovlardir.

Kompensatsiya ikkala bankdagi har bir omonat bo‘yicha to‘lanadi. Agar omonatchining ushbu banklarda bir nechta hisobvarag‘i bo‘lsa, kompensatsiyani hisoblashning maxsus tartibi qo‘llaniladi.

Huquqiy voris bo‘lgan bank 5 kun ichida omonatchilarni kompensatsiya olish huquqi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.

Qo‘shimcha kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan omonatchilar omonatni 6 oy davomida jarimalarsiz va hisoblangan foizlarni yo‘qotmagan holda qaytarib olishlari mumkin.

Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi qanday ishlaydi?

Jamg‘arma zaxiralar darajasini depozit bazasining 5 foizi miqdorida saqlab turadi. Mablag‘larni boshqarish uchun notijorat davlat muassasasi shaklida Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etiladi.

Jamg‘arma qo‘shimcha mablag‘larni quyidagi yo‘llar bilan jalb qilishi mumkin:

  • banklarning maxsus badallari (Markaziy bank bilan kelishilgan holda);
  • davlat budjetidan qarzlar;
  • Markaziy bank kreditlari va boshqa manbalar.

Agentlik xodimlari banklarni tekshirishda ishtirok etish va omonatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Jamg‘arma mablag‘larini inflyatsiyadan himoya qilish uchun ular 7 kun ichida pulga aylantirilishi mumkin bo‘lgan yuqori likvidli, past xavfli aktivlarga joylashtiriladi.