Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Unda keltirilishicha, mamlakatda energiya quvvatlari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘suvchan talabiga mos ravishda oshib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili 50 milliard kub metr tabiiy gaz, 81 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilgan.

2035-yilga borib, elektr iste’moli hozirgidan 1,7 barobar oshishi hisob-kitob qilingan. Bu talabni to‘liq qondirish uchun “faqat ishlab chiqarish emas, tejamkorlik ham zarur”.

prezident, energiya, energiya tejamkorlik

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 dollarlik YAIM yaratish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanadi. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14%, tabiiy gazda esa 7% dan yuqori.

Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.

Taqdimotda shu kabi o‘rganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi. Misol uchun, suv xo‘jaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa bo‘ladi.

Umuman, bu yil 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mo‘ljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi.

prezident, energiya, energiya tejamkorlik

Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya me’yori belgilanadi. Shuning o‘zidan energiya sarfi 5−10 foizga qisqaradi. Ijtimoiy obyektlarda energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi.

Ko‘p qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyatsiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli o‘rnatishga arzon kreditlar beriladi. Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.

Davlat rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joylarda tejamkorlik muhimligini ta’kidladi. Hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.