Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Saudiya Arabistoni podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd, mamlakat bosh vaziri Muhammad Ol Saudning salomi va tilaklarini yetkazdi. Vazir, shuningdek, “podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi” — muqaddas Ka’ba yopinchig‘i, ya’ni kisvaning bir parchasini topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga ushbu sovg‘a hamda ziyoratchilarning Makka va Madinada bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Birgina 2024-yilda 800 mingdan ziyod o‘zbekistonlik Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj ibodatini bajargan.
Suhbat chog‘ida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, kisva — Ka’baning yopinchig‘i. U har yili Zulhijja oyining 9-kuni (Qurbon hayiti arafasi kuni) almashtiriladi. Yangi kisva Ka’bani qoplagandan keyin, eski yopinchiq ehtiyotkorlik bilan bo‘lingan holda saqlanadi va uning ba’zi qismlari islomiy davlat rahbarlari, mashhur diniy shaxslar va tashkilotlarga ramziy sovg‘a sifatida taqdim etiladi.