O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki (ITB) bilan mamlakatdagi ta’lim va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan ikkita grant bitimini imzoladi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.
16-fevral kuni Ar-Riyod shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ITB prezidenti Muhammad Al Jasser bilan uchrashdi. Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonda transport infratuzilmasi va ta’limni rivojlantirish, jumladan, ularda zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, imzolangan birinchi bitimga ko‘ra, mamlakatda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan SmartED loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun bank $160,25 mln ajratadi.
Loyiha doirasida inklyuziv ta’lim talablari asosida mamlakat bo‘yicha jami 58 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi quriladi. Ulardagi sinflar laboratoriya jihozlari, raqamli texnika va mebellar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, hujjat o‘quv qo‘llanmalarini yangilash, pedagoglarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish, baholash metodikasini qayta ko‘rib chiqish va 2026-yilgacha barcha maktab o‘quvchilarini inklyuziv ta’lim tizimi bilan qamrab olishni nazarda tutadi.
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Imzolangan ikkinchi bitimda esa Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish belgilangan. Buning uchun $138,8 mln yo‘naltiriladi.
Transport talablarini qondirish uchun umumiy uzunligi 37 km bo‘lgan yo‘l qismi to‘rtta yo‘lakkacha kengaytiriladi. Bu 2030-yilgacha yo‘lga ketadigan vaqtni 30 daqiqagacha qisqartirishi va avariya holatlarini taxminan 40 foizga kamaytirishi kutilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi mintaqalar va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilab, savdo va turizmni rivojlantirishga yordam berishi qayd etildi.
“Ushbu kelishuvlar ITBning O‘zbekistonda barqaror rivojlanish, iqtisodiy o‘sish va infratuzilmani rivojlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, — deyiladi bank axborotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan investitsiyalarni o‘zlashtirishdagi byurokratiyani tanqid qilgandi. Ushbu muammoni hal qilishda ular bilan ishlash uchun bosh vazir boshchiligida favqulodda shtab tashkil etiladi.