Braziliya Bosh prokuraturasi sobiq prezident Jair Bolsonaruga 2022-yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin hukumatni ag‘darish uchun fitna uyushtirganlikda rasman ayblov e’lon qildi, deb yozmoqda Reuters.
Ayblovlarga ko‘ra, 69 yoshli Bolsonaru o‘z vorisi — prezident Luis Inasiu Lula da Silvani zaharlashni va Oliy sud sudyasi Aleksandr de Morayesni otib o‘ldirishni rejalashtirgan.
Sobiq prezident aybini rad etib, siyosiy ta’qiblar qurboni bo‘lganini aytmoqda. Siyosatchiga advokatlik qilayotganlarning ta’kidlashicha, u hech qachon Braziliyadagi demokratik qonun ustuvorligini yoki uni qo‘llab-quvvatlovchi institutlarni yo‘q qilishga qaratilgan harakatlarni olib bormagan.
Fitnada jami 34 kishi, jumladan, bir necha harbiy amaldor — Bolsonaruning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi, iste’fodagi general Augusto Eleno va mamlakat harbiy-dengiz kuchlarining sobiq qo‘mondoni admiral Almira Garne Santosa ayblangan.
“Ular hokimiyatning uchta tarmog‘i ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga intildi, ular o‘rnatmoqchi bo‘lgan yangi tartibni tashkil etish maqsadlariga xizmat qiladigan markaziy idorani belgilab oldi”, — deyiladi ayblov xulosasida.
Braziliya federal politsiyasi Bolsonaru ishtirokidagi ehtimoliy fitna bo‘yicha ikki yil davomida tergov olib bordi va noyabr oyida sobiq prezident va yana 36 kishini aybladi. Politsiya xulosasi Oliy sudga yuborildi, u yerdan uni bosh prokuror oldi va rasmiy ayblov qo‘yishga qaror qildi.
Bosh prokuratura qarori Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Agar sud iltimosnomani ma’qullasa, Bolsonaru javobgar bo‘ladi va jinoiy ish bo‘yicha sud oldida javob beradi. Agar siyosatchi aybdor deb topilsa, kamida 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
- Jair Bolsonaru 2019-yildan 2022-yilgacha Braziliya prezidenti bo‘lgan. U bundan ikki yil muqaddam saylovda Lula da Silvaga yutqazib qo‘ygandi. Siyosatchi mag‘lubiyatini tan olmagan, lekin lavozimini tark etgan. 2023-yil yanvar oyi boshida natijalardan norozi Bolsonaru tarafdorlari Braziliya poytaxtida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar uyushtirgan, jumladan, hukumat binolarini egallab olishga uringan.