Adliya vazirligiga kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolati berilishi mumkin. Bu haqda 18-fevral kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda ma’lum qilindi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilgan.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatidagi foydalanish ko‘lamining ortishi va ayrim biznes vakillari tomonidan nohalol tadbirkorlik faoliyati olib borilishi sababli bu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar soni keskin oshgan.
Jumladan, 2023-yilda sudlar tomonidan intellektual mulk obyektlari himoyasiga oid 249 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik kodekslariga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek, sanoat mulki obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Adliya vazirligi qonun loyihasining tafsilotlariga to‘xtalib o‘tdi. Ushbu qonun loyihasi bilan:
- mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori oshirilmoqda;
- seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda;
- patentga oid (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutug‘i) huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi sifatida kiritilmoqda;
- adliya organlarining kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolatlari kiritilmoqda;
- muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, buzilishi javobgarlikka sabab bo‘ladigan intellektual mulk obyektlari doirasi kengaytirilmoqda;
- intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini (tovar belgisi, ixtirolar, dasturiy ta’minot, sanoat namunasi va boshqalarga doir huquqlar) buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
- tovar belgisi bo‘yicha ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qo‘yilishi va yo‘q qilinishinazarda tutilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi intellektual mulk huquqlarini samarali himoya qilinishiga, kontrafakt tovarlar aylanmasining oldini olishga, xorijiy investitsiyalar oqimining yanada ko‘payishiga hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi, deya qayd etdi vazirlik.
Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabarida ham qonunning qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.