O‘zbekistondagi eng yirik ommaviy axborot vositalaridan biri Kun.uz saytiga bir sutkadan ko‘proq vaqt davomida kirishning imkoni bo‘lmayapti. Nashr ijtimoiy tarmoqlarda materiallar e’lon qilishda davom etmoqda.

Saytga kirish 18-fevral kuni cheklangan. 19-fevral kuni nashr tahririyati bunga sayt joylashgan serverdagi texnik nosozliklar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

“Sayt jamoasi muhim xabar va materiallarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida berib borish orqali shtat rejimda ishlashda davom etmoqda. Hozirda texnik masala hal bo‘lish arafasida, yaqin soatlarda saytga kirish imkoniyati tiklanishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Tahririyat, shuningdek, bosim bo‘layotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘plab yirik saytlar serverlari xorijda joylashgan, chunki hosting xizmatlari O‘zbekistonda cheklangan infratuzilma tufayli ancha qimmat.