Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunov qidiruvga berildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligiga tayanib Daryo xabar bermoqda.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning nashrga ma’lum qilishicha, Alisher Ahmadovich Tursunov Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgust oyida Mubashshir Ahmad 2017-yilda tashkil etgan Azon New Media guruhi (Azon.uz sayti, Azon FM onlayn radiosi, Azon TV onlayn televideniyesi) barcha loyihalarini to‘xtatgandi. Shundan so‘ng 2023-yil noyabrida to‘rt tilda (o‘zbek, rus, ingliz va turk) faoliyat yurituvchi Azon Global portali test rejimida ishga tushirilgan.

Mubashshir Ahmadning o‘zi o‘sha yilning 28-dekabr kuni Turkiya ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan edi. Politsiya uni Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirgan.

O‘shanda Istanbuldagi bosh konsulxona Mubashshir Ahmadga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgandi. 2024-yil 21-fevral kuni esa u deportatsiya markazidan chiqarilgan.