Vazirlar Mahkamasining 18-fevral kungi qarori bilan “Davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.

Ma’muriy reglament davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

2025-yil 1-apreldan yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.

Arizalar YAIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi.

Vakolatli organ ariza tushgan kundan boshlab 15 ish kunida Reyestrga yagona yetkazib beruvchi sifatida kiritish haqidagi arizani ko‘rib chiqadi.

Talabgorning reyestrga kiritish haqidagi arizasi va unga ilova qilingan ma’lumotlar vakolatli organ tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida Portalga majburiy jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi.

Talabgor arizasi ushbu Ma’muriy reglament talablarida nazarda tutilgan ma’lumotlar bilan to‘liq taqdim etilganda, vakolatli organ, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan YAIDXP orqali ko‘rib chiqiladi.

Davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali kelib tushgan ariza bo‘yicha yuqorida nomlari qayd etilgan tashkilotlar besh ish kuni davomida o‘zlarining axborot bazalaridagi va (yoki) ochiq manbalardagi ma’lumotlardan foydalangan holda, talabgorni yagona yetkazib beruvchi sifatida reyestrga kiritish yoki kiritmaslik yuzasidan xulosa taqdim etadi.

Agar arizada ko‘rsatilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida ochiq manbalardan ma’lumotlar olish imkoniyati bo‘lmaganda yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) xususiyatlarini ta’riflashning boshqa yetarlicha aniq usuli mavjud bo‘lmagan hollarda, vakolatli organ bozorda ushbu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) muqobili mavjudligini aniqlash uchun ariza kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalariga YAIDXP orqali arizani yuboradi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari vakolatli organ tomonidan yuborilgan ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida o‘zlarining axborot bazalaridagi va (yoki) ochiq manbalardagi ma’lumotlardan foydalangan holda, arizada ko‘rsatilgan tovarning (ishning, xizmatning) bozorda muqobili mavjud yoki Mavjud emasligi haqidagi xulosasini taqdim etadi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalarining xulosalari talab etilgan hollarda, arizani ko‘rib chiqish muddati ariza tushgan kundan boshlab bir oy muddatdan oshmasligi zarur.

Vakolatli organ ariza beruvchi tomonidan takdim etilgan ma’lumotlar, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan taqdim etilgan xulosalar hamda arizani ko‘rib chikish davomida to‘plangan boshqa ma’lumotlar asosida arizani qanoatlantiradi yoki qanoatlantirishni rad etadi.

Talabgor davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Ushbu reglament talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.