Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga rozi bo‘ldi. The Financial Times nashrining yozishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketi mamlakatning alyuminiy sanoatiga qaratilgan va neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni yanada kuchaytiradi.
Sanksiyalar yana 13 ta bankka, Moskva tomonidan neft xomashyosi eksporti uchun foydalaniladigan soyadagi 73 ta tankerga va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Rossiyaning ba’zi turdagi alyuminiy mahsulotlarini sotib olishni “bosqichma-bosqich” taqiqlashga qaratilgan.
Chorshanba kuni ertalab Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati elchilari tomonidan ma’qullangan paket, shuningdek, Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushni davom ettirishda yordam berayotgan deb hisoblangan ko‘proq shaxslar va kompaniyalarga qaratilgan.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Yevropa Kreml uchun sanksiyalarni yumshatishni muhokama qilish uchun muzokaralar stoliga chaqirilishini taklif qilgandi, deb yozadi Euronews.
“Sanksiyalarga ega bo‘lgan boshqa tomonlar ham bor, Yevropa Ittifoqi qachondir stol atrofida bo‘lishi kerak, chunki ularda ham joriy etilgan sanksiyalar bor”, — dedi Rubio seshanba kuni Saudiya Arabistonida rossiyalik hamkasbi bilan uchrashganidan so‘ng. Rubio “barcha tomonlar” yon berishi kerakligini ta’kidladi. Yevropaning jarayondan chetlatilgani haqidagi savolga u shunday javob berdi: “Hech kim chetlatilmayapti”.
- Sanksiyalarning 15-paketi 2024-yil dekabr oyida tasdiqlangandi. O‘shanda 54 nafar jismoniy shaxs va 30 ta, jumladan, Xitoy, Hindiston, BAA va boshqa mamlakatlar tashkilotlari cheklovlarga uchragan. Choralar Rossiyaning “soyadagi floti”ga ham qaratilgandi.