AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi. Bu Vladimir Zelenskiy Kiyevni Saudiya Arabistonidagi Rossiya-Amerika muzokaralariga qo‘ymagani uchun AQShni tanqid qilganidan keyin ro‘y berdi, deb yozmoqda CNN va The Guardian.

“Ular muzokaralar stolidan joy olishni istaydi, lekin siz aytishingiz mumkinki… Ukraina xalqi ovoz berish huquqiga ega emasmi? Ularda anchadan beri saylov bo‘lmagandi. Bu Rossiya mavzusi emas, bu mendan, boshqa mamlakatlardan kelayotgan mavzu”, — dedi Tramp.

“Bizda Ukrainada saylovlar o‘tkazilmagan, amalda Ukrainada harbiy holat hukm surgan vaziyat yuzaga keldi. Ukraina yetakchisini — menga bu haqda gapirish yoqimsiz — qo‘llab-quvvatlash reytingi 4% ni tashkil qilmoqda (Tramp bu raqamni qayerdan olgani aniq emas — tahr.). Mamlakat parchalanib ketgan, shaharlarning aksariyati vayron bo‘lgan. Binolar vayron bo‘lgan. Bu snosga tushgan ulkan maydonga o‘xshaydi”, — dedi AQSh prezidenti.

Trampning aytishicha, Kiyev vakillariga muzokaralar stolidan joy berilmagani uchun Ukrainaning “hafsalasi pir bo‘lgan”. AQSh prezidentiga ko‘ra, “yarim jon” muzokarachi ko‘p yillar oldin mojaroni “sezilarli miqdordagi hududni boy bermasdan” hal qilishi mumkin edi.

Bundan tashqari, Tramp o‘z bayonotida mojaroni keltirib chiqarishda Ukrainaning o‘zini aybladi. “Bugun eshitib qoldim: „Bizni taklif qilishmadi“. Uch yildan beri o‘sha yerdasiz. Siz boshlamasligingiz kerak edi. Kelishsangiz bo‘lardi”, — dedi u.

Tramp, shuningdek, Zelenskiy “o‘tgan hafta unga berilgan pullarning yarmi qayerda ekanini bilmasligini aytganini” ta’kidladi. “Xo‘sh, biz ularga 350 milliard dollar berdik, deb o‘ylayman, lekin, faraz qilaylik, kamroq. Ammo bu, bu juda ko‘p”, — dedi AQSh prezidenti. Ehtimol, u Zelenskiyning Associated Press`ga bergan intervyusida AQSh ajratgan 177 milliard dollardan Ukraina 76 milliard dollarni olgani haqidagi so‘zlarini nazarda tutgandir, deya yozdi Meduza.

Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Rossiya-AQSh muzokaralariga izoh berar ekan, Tramp AQSh va Rossiya uchrashuvidan keyin kelishuv tuzilishiga “ancha ko‘proq ishonishini” aytdi. “Juda yaxshi o‘tdi. Rossiya nimadir qilmoqchi. Ular bu vahshiylikni to‘xtatmoqchi”, — dedi Tramp.

U fevral oyi oxirigacha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. “Menimcha, menda bu urushni tugatish uchun kuch bor va o‘ylaymanki, hammasi juda yaxshi ketmoqda”, — dedi AQSh prezidenti.

Tramp agar urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzilsa, Yevropa davlatlari Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborishi tarafdori ekanini aytdi. “Men bilaman, Fransiya buni qilishga tayyor edi va men buni ajoyib ishora deb o‘yladim”, deb aytgan Tramp Buyuk Britaniya ham xuddi shunday taklif bilan chiqqanini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tinchlikparvar kuchlarni yubormaydi, chunki “biz juda uzoqda joylashganmiz”.

Zelenskiy 18-fevral kuni Ar-Riyoddagi muzokaralarda Rossiya va AQSh vakillari ishtirok etganini, ammo u yerda Ukraina vakillari bo‘lmaganini aytib, “Ukraina haqida, yana Ukraina haqida va Ukrainasiz”, — dedi.

Zelenskiy 2019-yildan buyon Ukraina prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Yangi prezidentlik saylovlari 2024-yil aprel oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo urush paytida saylov kampaniyasini o‘tkazish Ukraina Konstitutsiyasi bilan taqiqlangan.

Zelenskiyni qonuniy prezident deb hisoblashdan bosh tortayotgan Rossiya hukumati Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Zelenskiyning aytishicha, Rossiya undan “endi urush boshidagi kabi jismonan emas, balki siyosiy jihatdan” qutulishga intilmoqda. “Va bu mutlaqo tushunarli, chunki men juda noqulay odamman, Putin uchun noqulay”, — dedi Zelenskiy.