Andijon viloyati Shahrixon tumanida 2014-yilda sodir etilgan jinoyat oradan 11 yil o‘tib fosh etildi. Bu haqda IIV Tezkor qidiruv departamenti xabar berdi.

Idora axborot xizmatiga ko‘ra, viloyatda Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati hududiy bo‘limlari xodimlari ishtirokida “Tozalash” maxsus profilaktik tadbirlari olib borilmoqda.

Shunday operatsiyalardan birida 2014-yil 21-may kuni bosqinchilik jinoyatini sodir etib, voqea joyidan qochib ketgan shaxs qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, u sherigi bilan o‘zganing xonadoniga bostirib kirib, pul talab qilgan.

Niqoblangan shaxslar agar ichki ishlar organiga qo‘ng‘iroq qilinsa, oilaning barcha a’zolarini o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng xonadon egasining qo‘l telefoni sindirilgan. Ikki nafar shaxs o‘sha zahoti voqea joyidan qochib ketgan.

Departamentning ma’lum qilishicha, Andijondagi tezkor tadbirlar davomida ulardan biri qo‘lga olindi. Undan jinoyatni sodir etishda foydalanilgan ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Ikkinchi gumonlanuvchi qidirilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatning Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan tadbirda 1984-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Lacetti to‘xtatib tekshirilganda mashina ichida jami 2 kilo gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Qidiruvlar davomida fuqaro yashash xonadonida noqonuniy mayning fermasi tashkil etgani aniqlandi. Xonadondagi mayning qurilmalari va sovitish ombori tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, tarmoqqa ulangan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 1,2 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.