Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Golden House qurilish kompaniyasi “Gazeta.uz”ga Toshkentdagi “Anhor Lokomotiv” va “Navro‘z” bog‘lari hududida turar joy va ishbilarmonlik majmualari qurilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

So‘nggi kunlarda poytaxt aholisi va blogerlar bir necha kun avval internetda paydo bo‘lgan bog‘ hududida joylashgan ko‘p qavatli majmua loyihasining vizualizatsiyasidan xavotir bildirdi. Faollar bog‘ hududida qurilish ishlari olib borilishiga qarshi imzo to‘plashni boshladi.

Biroq Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, bog‘lar hududida hech qanday qurilish ko‘zda tutilmagan.

“Ayni paytda „Anhor“ va „Navro‘z“ bog‘lari hududida turar joy binolari qurilishi uchun hech qanday kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud emas. Bugungi kunda bog‘ o‘z holicha qolmoqda va hech qanday qurilish rejalashtirilmagan”, — deydi Qurilish vazirligi arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azizxon Usmonov.

Bog‘larni boshqaradigan Anhor Evolution kompaniyasi direktori Aziz Sharafutdinov ham ularning ishlari odatdagidek davom etishiga ishontirdi:

“Ko‘pchilik ijarachilar bilan 2025-yil oxirigacha, ayrimlari bilan esa 2026-yilgacha amalda bo‘lgan shartnomalarimiz bor. Hech kim hech narsani buzishni rejalashtirmayapti, bog‘larning ish rejimida o‘zgarishlar yo‘q. To‘g‘ri, „Anhor“ savdo markazida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Lekin bu bino bog‘lar tarkibiga kirmaydi, u xususiy shaxslarga tegishli”, — dedi u.

Shahar aholisini xavotirga solgan vaziyat internetda Golden House kompaniyasiga tegishli bo‘lgan kelajakdagi loyihaning vizualizatsiyasi paydo bo‘lishi tufayli yuzaga keldi. Developer ham o‘z saytida rasmiy izoh berdi.

“Orient Group Management kompaniyasi (u Golden House’ni ham o‘z ichiga oladi — tahr.) Golden House developeri ham, Orient guruhning boshqa kompaniyalari ham ushbu loyihani amalga oshirishni yoki xabarda ta’kidlangan maydonchada qurilishni rejalashtirmaganligini ma’lum qiladi. Internetda tarqatilgan vizualizatsiya 2024-yilda kompaniyadan ketgan Golden House’ning sobiq xodimining ichki taqdimotidan olingan”.

Ta’kidlanishicha, ishchi guruhlar muntazam ravishda kompaniya va tashqi hamkorlar tomonidan krib chiqish uchun turli loyihalarni taqdim etadi, biroq hammasi ham ma’qullanavermaydi.

Orient Group Management kompaniyasi “Anhor” bog‘i hududida joylashgan “Anhor” savdo markaziga egalik huquqini boshqa xususiy kompaniyaga o‘tkazmoqchi. Faqatgina savdo markazi o‘rnida boshqa kompaniya yangi bino qurishni rejalashtirmoqda.

Spot avvalroq bog‘dagi asosiy yo‘l bo‘yida joylashgan savdo markazi binosi o‘z faoliyatini deyarli to‘xtatgani haqida xabar bergan edi. Bolalar kiyimlari do‘konlari, kosmetika do‘konlari, FixPrice, savdo maydonchalari va Makro supermarketi yopilgan. Fudkortdagi ba’zi restoranlar ishini to‘xtatgan, biroq ayrim muassasalar hali ham buyurtmalarni qabul qilmoqda.

Ilgari 100% Golden House Property Group’ga (hozirda — Unique Trade Business) tegishli bo‘lgan The Tower FMG kompaniyasi Anhor Park savdo markazi loyihasini loyihalashda ishtirok etgan. Bog‘ ma’muriyatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ayni paytda savdo markazi binosi ham The Tower FMG boshqaruvida.

“Golden House haqida bunday fikrlarni bildirayotgan nashrlar bizni juda hayratda qoldirdi. Kompaniyaning ichki taqdimotidagi ma’lumotni internetga kim va nima maqsadda joylashtirgani hamda toshkentliklarning noroziligiga sabab bo‘lganini bilmaymiz. Afsuski, bu masalani yoritib kelayotgan OAV vakillari va blogerlarning hech biri biz bilan bog‘lanib, rasmiy tushuntirish so‘ragani yo‘q. Golden House poytaxtning boshqa hududlarida ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda va „Anhor“ va „Navro‘z“ bog‘larida ish olib borishni rejalashtirmayapti”, — dedi Golden House bosh direktori Vladimir Kalina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Golden House’ning “bu obyektlar, ayniqsa, bog‘larning yashil hududlari bo‘yicha mutlaqo rejalari yo‘q”.

Eslatib o‘tamiz, bog‘da qayta qurilish rejalashtirilayotgani haqidagi ilk xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda 10 kun avval — 9−10-fevralda paydo bo‘lgan edi. 15-fevral kuni “Kosmonavtlar bog‘imizni himoya qilamiz” Telegram kanali loyihaga qarshi imzolar to‘planayotganini e’lon qildi.

Kompaniya va Qurilish vazirligining izohi Ekologik partiya deputati 19-fevral kuni Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga “Anhor Lokomotiv” bog‘ini qayta qurish rejalari yuzasidan so‘rov yuborganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Rasmiylar bog‘ning dam olish maskani bo‘lib qolishi yoki yo‘qligi va uning hududida turar joy binolari, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi qonuniymi yoki yo‘qligini tushuntirishi kerak edi.