Senatning tshrtinchi yalpi majlisda “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun maqullandi.

Qonun bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etmagan, shuningdek, ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida, agar shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qo‘llashni nazarda tutuvchi 85−1-moddasi bilan to‘ldirilmoqda.

Bunda, davlat ekologik nazorati inspeksiyasi mazkur huquqbuzarliklarni aniqlashga hamda javobgarlikka tortishga mas’ul bo‘lishi belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika shaharlarida chang ko‘tarilishi holatlari tez-tez uchrab turibdi. Bu ko‘rsatkich bir yilda o‘rtacha 50−80 kunni tashkil etmoqda.

Ma’lumotlariga ko‘ra, 500 kvadrta metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 50 tonna chang va qum zarralari havoga ko‘tariladi.

Qurilish maydonida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritilgan.

“Biroq, milliy qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changni havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan. Shu sababli, ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali chang-to‘zonga befarq bo‘lmaslik bo‘yicha pudratchilarning mas’uliyatini oshirish zarurati paydo bo‘lmoqda”, — deyiladi Senat majlisida.