Kosta-Rika hukumati Qo‘shma Shtatlar bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan Markaziy Osiyo va Hindistonning AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘ldi, deb yozmoqda New York Times.
“Kosta-Rika hukumati 200 nafar noqonuniy muhojirni o‘z mamlakatlariga qaytarishda AQSh bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Ular Markaziy Osiyo va Hindiston fuqarolaridir”, — deyiladi Kosta-Rika prezidenti ma’muriyati bayonotida.
Kosta-Rika prezidenti Rodrigo Chavesning so‘zlariga ko‘ra, deportatsiya qilinganlar orasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelganlar olti haftagacha migrantlarni saqlash markazida bo‘ladi, shundan so‘ng ular vataniga qaytariladi. Ularga muassasa hududini tark etish taqiqlanadi.
Deportatsiya qilinganlarni qaytarish jarayoni to‘liq AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va BMT huzuridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti nazorati ostida amalga oshiriladi, deya ta’kidladi Kosta-Rika prezidenti ma’muriyati.
NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, AQShdan Kosta-Rikaga birinchi deportatsiya reysi payshanba kuni uchib ketgan va mamlakatga kunning ikkinchi yarmida yetib kelishi kutilmoqda. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot bortida 135 nafar noqonuniy muhojir bor. Ularning deyarli yarmi voyaga yetmaganlardir. Chiqarib yuborilganlar orasida kamida ikki nafar homilador ayol bor.
Kosta-Rika ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Omer Badillaning aniqlik kiritishicha, ushbu reys bilan Tojikiston, Vetnam, Gruziya va Ozarbayjondan ham muhojirlar olib kelinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, deportatsiya qilinganlarning shaxsiy vaziyati “to‘liq o‘rganiladi”, ularning hayotiga o‘z vatanlarida xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilinadi. Ba’zilar Kosta-Rikada qochqin maqomini so‘rashlari mumkin.
O‘tgan hafta AQShdan deportatsiya reyslarini Panama ham qabul qildi. Mamlakatga uchta samolyotda Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadan noqonuniy muhojirlar yuborilgan.