Markaziy bank 21-fevraldan boshlab xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 20,11 so‘mga arzonlashdi. Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket beshinchi savdo kuni (14-fevraldan beri) so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 74,03 so‘mga — 13003,95 so‘mdan 12929,92 so‘mga arzonlashmoqda.

dollar, dollar kursi, курс, марказий bank, so‘m, миркомил холбоев

Ya’ni bu davrda so‘m dollarga nisbatan 0,56% mustahkamlanib, yil boshidan buyon deyarli butun devalvatsiyani qopladi (1-yanvarda Amerika valyutasining kursi 12920,48 so‘mni tashkil etgan). Taqqoslash uchun: 2024-yilning ushbu davrida so‘m 1,1%, 2023-yilda esa 0,84% qadrsizlangan.

Payshanba kuni tijorat banklari dollarni 12 870 so‘mdan 12 920 so‘mgacha (faqat “Biznesni rivojlantirish banki”, Mybank va “Mikrokreditbank”da) qabul qildi. Sotish kursi 12950 dan (Anorbank) 13010 so‘mgacha o‘zgardi.

1−20-fevral kunlari Toshkent valyuta birjasidagi savdolar hajmi 1,78 milliard dollarni (kuniga o‘rtacha 85,9 million dollar) tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga — 2,1 milliard dollarga (o‘rtacha 132,4 million dollar) nisbatan 15,6% kam.

Bundan tashqari, so‘m mustahkamlangan so‘nggi besh savdo kunida (14−20-fevral) banklar tomonidan 422,8 million dollarlik valyuta oldi-sotdisi amalga oshirildi. Avvalgi besh kun ichida (6−13-fevral) dollar keskin mustahkamlanib, 13 ming so‘mdan oshganida, valyutaga bo‘lgan talab 1,8 baravar — 753 million dollargacha ko‘paygan edi.

So‘mning kuchayishiga nima sabab bo‘ldi?

Janubiy Koreyaning Chonbuk milliy universiteti iqtisodchisi, magistranti Mirkomil Xolboyevning fikricha, bu holatning asosiy sababi — O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari valyutalarining mustahkamlanishi.

Fevral oyi boshida Rossiyada 1 dollar 97,8 rublni tashkil etgan bo‘lsa, 19-fevralda allaqachon 90,4 rublga tushgan (rubl 7,6% mustahkamlangan). Oxirgi 20 kun ichida rublning o‘rtacha kursi 5,8% mustahkamlandi.

Qozog‘iston tengesi ham mustahkamlanmoqda — fevralda 3%.

Rossiya va Qozog‘iston O‘zbekistonning tashqi savdo va xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha eng yirik hamkorlari hisoblanadi. Bu davlatlar hissasiga tashqi savdo aylanmasining 24,1 foizi, noresurs eksportining 27,3 foizi to‘g‘ri keladi. Iqtisodchining qayd etishicha, rubl va tengening mustahkamlanishi so‘m kursiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Nega so‘m rubl va tenge kabi tez mustahkamlanmayapti?

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga ikkita sabab (yoki ikkalasi bir vaqtning o‘zida) bo‘lishi mumkin:

  • valyuta bozori reaksiyasining kechikishi (lag), buning natijasida valyuta kursi hali moslashishga ulgurmagan;
  • Markaziy bank siyosati so‘m almashuv kursining nisbiy barqarorligini saqlashga qaratilgan.

Uning qayd etishicha, 2024-yilning ikkinchi yarmida rubl va tenge keskin qadrsizlanganida, so‘m nisbatan barqaror bo‘lgan.

2024-yil iyul-dekabr:

  • Rubl dollarga nisbatan 15% arzonladi;
  • tengega — 8,9%;
  • so‘mna — atigi 2%.

Natijada o‘sha davrda so‘mning real valyuta kursi mustahkamlandi.