…USAID bizni hech qachon moliyalashtirmagan. Boshqa hech bir hukumat ham (jumladan, O‘zbekiston), hech bir tashkilot yoki guruh ham bizni moliyalashtirmaydi. Bu bizning ishga tushganimizdan beri sodiq qolayotgan prinsipial qarorimizdir.
Ba’zi o‘quvchilar taxmin qilganidek, materiallarimizdan birining ostida barcha sharhlarni e’lon qilishga ruxsat berish qarorimiz tajriba edi. Bu birinchisi va so‘nggisi bo‘ldi.
Hozirgi davrda hatto ayrim mamlakatlar rahbarlari va ularning vakillari tomonidan tarqatilayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar oqimida sog‘lom fikr yuritish qiyin. Ammo aynan hozir u har qachongidan ham muhimroq.
“Gazeta.uz” har doim maksimal darajada haqqoniylikka intilgan va o‘zini ideal deb hisoblashdan juda uzoq.
Biz faqat narsalarni o‘z nomi bilan atashga intilamiz. Haqiqat — haqiqat (u “hamma uchun o‘ziga xos” emas, u yagona), yolg‘on — yolg‘on (ayniqsa, faktlar bir-biridan uzoq masofada yotsa), anormal — anormal, zo‘ravonlik — zo‘ravonlik, urush — urush. To‘rt har doim to‘rt degani.
O‘zbekistonning rasmiy va norasmiy shaxslari, davlat organlari, tashkilotlari yoki kompaniyalari tomonidan e’lon qilingan nomuvofiqliklarni ham xuddi shunday ko‘rsatamiz.
Ayrim izohlarga yo‘l qo‘ymaslik, ba’zi o‘quvchilarning fikriga qarshi o‘laroq, so‘z erkinligini cheklash emas. So‘z erkinligi tushunchalarni qorishtirish, yolg‘on va haqoratlarga yo‘l qo‘yilishini anglatmaydi. Va biz ularni tarqatishda ko‘maklashishga rozi emasmiz.
Yillar davomida biz bilan birga bo‘lgan o‘quvchilarga minnatdorlik bildiramiz. Sevamiz, qadrlaymiz va hurmat qilamiz!