20-fevral kuni bir qator Telegram kanallarda tijorat banklari mijozlardan omonat pullarini yechib olishda mablag‘ manbasini tasdiqlashni talab qila boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Markaziy banki qonunchilikda bunday talab yo‘qligini qayd etib, bunday hollarda regulyatorga xabar berishni so‘radi.
“Amaldagi qonunchilikka asosan jismoniy shaxslar o‘zlariga tegishli omonat hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini yechib olayotganda ushbu mablag‘ning kelib chiqish manbasi to‘g‘risida ma’lumot talab qilinmaydi”, — deyiladi regulyator xabarida.
Bundan tashqari, Markaziy bank moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishiga doir yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari, shuningdek, boshqa manbalar orqali doimiy ravishda o‘rganishini, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rib borishini ta’kidlagan.
Regulyator fuqarolardan banklardagi omonat hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini yechishda uning kelib chiqish manbasi to‘g‘risida ma’lumot talab qilinsa, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga xabar berishni so‘ragan. Bu xizmatga quyidagi raqamlar orqali bog‘lanish mumkin: 71 212−60−94, 71 212−73−62.
Shu bilan birga, banklar, mikromoliya va to‘lov tashkilotlari faoliyatida xizmatlar ko‘rsatilishiga oid iste’molchilarning huquqlari buzilayotganligi yuzasidan murojaatlar yoki takliflarni Markaziy bankning info@cbu.uz elektron manziliga yuborish so‘ralgan.