Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida metan zapravka 2,9 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “A.M.A” MCHJ mansabdor shaxslari jamiyatga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompresslash shoxobchasining o‘lchov qurilmalariga tashqi ta’sir ko‘rsatib, 2,9 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu jinoyatni sodir etgan topilgan shaxs sakkiz yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Bosh prokuratura tadbirkorlarga murojaat qilib, faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishni so‘ragan. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.