O‘zbekistonda maktab o‘quvchilariga energiya sarfi savodxonligi asoslari o‘rgatiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Xususan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya me’yorini belgilash ko‘zda tutilmoqda. Maktablar, bolalar bog‘chalari va boshqa ijtimoiy obyektlarga quyosh batareyalari va suv geliokollektorlarni o‘rnatish, eshik va derazalarni yangilash rejalashtirilmoqda.

energiya tejash, япония, ҳилола uмароva

MMTV rahbari Hilola Umarova har bir maktab va bog‘cha elektr energiyani tejashi zarurligini ta’kidladi.

“Bu har bir maktab direktori, o‘qituvchi va o‘quvchilar, aholi uchun juda muhim. Vazirlik Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda o‘quvchilar orasida energiya sarfi savodxonligi bo‘yicha aniq dasturlar tayyorlagan. Bunda har bir o‘quvchi yosh davrlaridanoq energiya resusrlarimiz va ularni tejash qanchalik muhimligini o‘rgatish vazifalari yuklatilgan” — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bukletlarda elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvini tejashning oddiy misollari keltirilgan.

energiya tejash, япония, ҳилола uмароva

Uning ma’lum qilishicha, 2025-yil uchun ushbu yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar belgilab olingan. “Maktablardagi „Tarbiya“, „Geografiya“, „Fizika“ fanlarida ham tabiiy resurslarimizni qanchalik tejashimiz muhimligi mujassam ettirilgan”, — dedi Umarova.

Taqdimot chog‘ida prezidentga Yaponiya tajribasi asosida iste’molchilarni energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitish rejalari taqdim etildi. Maktablar uchun bukletlar ham Yaponiya tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Yaponiya energiya tejash sohasida boy tajribaga ega. 2011-yilda “Fukusima” AESda yuz bergan halokatdan so‘ng butun mamlakatni qamrab olgan “Setsuden” nomli harakat vujudga kelgan. O‘sha paytda hukumat tekshiruv o‘tkazish maqsadida o‘nlab atom elektr stansiyalarini vaqtincha yopgan. Shundan so‘ng, yirik kompaniyalar, kichik biznes va xonadonlar uchun ma’muriy tartibda elektr ta’minotini cheklashga to‘g‘ri kelgan.

O‘sha yili elektr energiyasi sarfini kamaytirish uchun turli usullar sinovdan o‘tkazilgan. Masalan, metro bekatlari va vokzallarda ayrim eskalatorlar o‘chirilgan, ofis binolari va hatto osmono‘par imoratlarda ayrim liftlar to‘xtatilgan. Shu bilan birga, odamlar bir qavatga piyoda ko‘tarilish yoki ikki qavat pastga tushishni odatiy hol sifatida qabul qilishga chorlangan. Hamma joyda ortiqcha yorug‘lik o‘chirilgan. Yaponlarning konditsionerli xonalardagi haroratni kamida ikki darajaga oshirishga rozi bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etgan.

Yaponiya, shuningdek, xususiy kompaniyalar uchun BMTning Barqaror rivojlanishning 17 maqsadiga muvofiq SUR mukofoti joriy etilgan. U ekologik toza mahsulot va xizmatlarni targ‘ib qiladigan Cool Choice harakatini qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto Tokio Olimpiadasi uchun medallar ishlab chiqarishda ham mamlakat ishlatilgan gadjetlardan foydalanishni va’da qilgan.

Yoz faslida o‘ta issiq ob-havo o‘quvchilarning sog‘lig‘i va o‘qish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatganda, Yaponiya maktablari moliyalashtirish kamligi va infratuzilmaning yetarli emasligiga qaramay, binolarni sovitish muammosini hal etishga intilgan. Bunday choralar qatoriga konditsionerlarni modernizatsiya qilish, devor va shiflarni issiqlikdan himoyalash, quyoshdan saqlovchi pardalar o‘rnatish, sovitish tizimlarini joriy etish (hovlilarda tuman hosil qiluvchi moslamalar, yopiq pavilonlar va soya berish uchun tentlar), maktab formasini yengilroq liboslarga o‘zgartirish, og‘ir sumkalar o‘rniga havo o‘tkazuvchi ryukzaklar tavsiya etish, bepul ichimlik suvi bilan ta’minlash, issiq havoda tanaffuslarning uzaytirilishi, ko‘chma ventilyatorlar, “yashil devorlar” (bino fasadlariga o‘simliklar o‘rnatish orqali haroratni pasaytirish) va yomg‘irdonlar tarqatish kabi tashabbuslar kiritilgan.