Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqdi.
Qonun loyihasi va u bilan tasdiqlanayotgan konsepsiya loyihasi 2025-yilning 31-yanvar kuni quyi palata majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinib, 10-fevralga qadar palata rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.
Konsepsiya 7 ta bob, 41 ta banddan iborat. Unda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi va unga xizmat qiluvchi 10 ta vazifa belgilangan. Xususan, O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash va jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.
Konsepsiyaga ko‘ra, diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari esa quyidagilardan iborat:
- fuqarolarning erkinligi va qonun oldida tengligini ta’minlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali xalqning birdamligi va urf-odatlariga hurmatni mustahkamlash;
- fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy sharoitlar yaratish;
- diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda vijdon erkinligi huquqini amalga oshirish uchun sharoit yaratish;
- davlatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiya normalariga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
- davlat xizmati va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida hamda ijtimoiy munosabatlarni dunyoviylik asosida tartibga solish;
- diniy bag‘rikenglik va dunyoviylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash;
- davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatida biror bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishga yoxud ularni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
- jahon ilm-fani va madaniyatining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish;
- radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuborildi.