O‘zbekistonda fuqarolarga kredit olishdan ixtiyoriy ravishda voz kechish huquqi berilishi mumkin. Tegishli qonun 20-fevral kuni Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida ma’qullandi. Qonun quyi palata tomonidan 15-yanvar kuni qabul qilingan.
““Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yana-da takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda belgilanayotgan mexanizm aholini kredit firibgarligidan himoya qilish, ularning xabarisiz kredit rasmiylashtirish va masofadan turib mablag‘larni yechib olish holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Ya’ni jismoniy shaxs bunday operatsiyalar bilan bog‘liq firibgarlik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kredit byurosiga o‘z nomidan kredit shartnomasini uning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Ushbu xizmat kredit olish yoki mijozning pul mablag‘lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini cheklash uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, qonunda kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri joriy etilishi nazarda tutilgan. Fuqarolar o‘z arizasiga ko‘ra ushbu reyestrga kiritilishi yoki undan chiqarilishi mumkin. Ro‘yxatda bo‘lgan shaxslarga kredit ajratish taqiqlanadi.
Kredit olishdan voz kechish bo‘yicha arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali topshirilishi mumkin.
Bundan tashqari, loyihada kredit tashkilotlariga shaxsning kredit olish huquqi mavjudligini tekshirish majburiyati yuklanmoqda. Agar fuqaro kredit olishdan voz kechgan bo‘lsa, unga kredit ajratish noqonuniy hisoblanadi. Kredit byurolarining faoliyati ustidan nazorat kuchaytirilib, qonunchilik talablarini buzganlik uchun sanksiyalar belgilanishi ko‘zda tutilgan.
“Gazeta.uz”ning aniqlashicha, 2023-yilda 2790 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz 19 milliard so‘mlik kreditlar berilgan, 2024-yilning sakkiz oyida esa 874 nafar jismoniy shaxs jabrlangan, ularga 36,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.