O‘zbekistonning Termiz va Olmaliq shaharlariga zamonaviy avtobuslar xarid qilinishi rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov 19-fevral kuni videokonferensaloqa orqali Xitoyning Zhongtong Bus Holdings Co. Ltd kompaniyasi, CIB banki hamda Sinosure sug‘urta tashkiloti vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Olmaliq, Termiz va Toshkent shahriga zamonaviy avtobuslarni xarid qilish loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Olmaliq shahrida “Olmaliq Trans Service” MCHJ tomonidan 83 dona, Termiz shahrida esa “Termiztransportxizmat” MCHJ tomonidan 100 dona zamonaviy avtobus sotib olish rejalashtirilgan.
“Shuningdek, mamlakatning boshqa viloyatlariga ham zamonaviy avtobuslarni sotib olish jarayonida kredit va lizing shartlarini yengillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi”, — deyiladi xabar so‘ngida.
Avvalroq transport vaziri Toshkentga 2025-yilda yana 1000 ta avtobus olib kelinishini ma’lum qilgandi.