AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati gavjum vaqtda Nyu York shahrining markaziy ko‘chalariga kirish uchun to‘lov olish dasturini to‘xtatishga qaror qildi, deb xabar bermoqda CNN va New York Times.

“Nyu York shtatiga kirish uchun to‘lov rejasi amerikalik ishchilar sinfi va kichik biznes egalariga zarba bo‘ladi. Har bir amerikalik iqtisodiy ahvolidan qat’i nazar, Nyu York shahriga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu faqat tanlanganlar uchungina saqlab qo‘yilmasligi kerak”, — deyiladi AQSh transport vaziri Shon Daffining Nyu York gubernatori Keti Xokulga xatida.

Xatda Daffi Tramp unga 2024-yil noyabr oyida Transport departamentining bo‘limi — Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (Federal Highway Administration, FHWA) tomonidan berilgan dasturni tasdiqlashni ko‘rib chiqishni buyurganini aytdi.

Dastur 5-yanvarda boshlangan va 60-ko‘chadan to Moliya okrugining janubigacha qamrab olgandi. Ushbu “tirbandlikni bartaraf etish zonasi” uchun to‘lov ko‘pchilik avtomobillar uchun ish kunlari soat 5:00 dan 21:00 gacha va dam olish kunlari soat 9:00 dan 21:00 gacha 9 dollar qilib belgilangan. Yuklama kamroq soatlarda esa 2,25 dollar. Istisnolarga favqulodda vaziyatlar va davlat transport vositalari, maktab va shahar avtobuslari va kam ta’minlangan haydovchilar kiradi.

AQShda ilk bor yo‘lga qo‘yilgan dastur yordamida shahar hokimiyati metropolisning eng tirband ko‘chalaridagi tirbandlik muammosini hal qilishga va jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun 15 milliard dollar yig‘ishga umid qilayotgandi. Loyihalar doirasida metro signalizatsiya tizimini almashtirish, metro bekatlarida nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar va aravachali ota-onalar uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Transport vazirining xatida dasturning tugash sanasi ko‘rsatilmagan. Metropolitan Transportation Authority (MTA, Nyu York shtatida transportni boshqaradigan organ) buyruqni bekor qilish uchun federal sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilganini bildirdi.

“To‘rt yil va 4000 sahifalik federal ekologik ekspertizadan so‘ng va tirbandlikni bartaraf etish dasturi yakuniy tasdiqlanganidan atigi uch oy o‘tgach, AQSh Transport departamenti holatni butunlay teskarisiga o‘zgartirishga harakat qilayotgani ajablanarli”, — dedi MTA raisi Janno Liber.

Nyu Yorkda tug‘ilgan va Manhettenda uyga ega bo‘lgan Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng dasturni tugatishga va’da berdi va Transport departamentining buyrug‘ini olqishladi.

“TIRBANDLIKKA TO‘LOV O‘LDI. Manhetten va butun Nyu York QUTQARILDI. YASHASIN QIROL!” — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Nyu York gubernatori Trampga javoban: “Biz qirolga tobe emas, qonunlar xalqimiz. Sudda ko‘rishguncha”, — deb yozdi.

MTA ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida “tirbandlikni bartaraf etish zonasi”ga 2024-yil yanvariga nisbatan 1,2 million kam avtomobil kirgan. Haydovchilar Manhettenning quyi qismidagi ko‘priklar va tunnellarni kesib o‘tish uchun 30% kamroq vaqt sarfladi. Shaharning eng tirband ko‘chalaridan biri bo‘lgan 34-ko‘cha bo‘ylab sayohat vaqti deyarli yarmigacha qisqardi. MTA’ning ta’kidlashicha, shahar markazidagi biznes tumanlari 36 millionga yaqin tashrif buyuruvchilarni qabul qilgan, bu 2024-yil yanvaridan 1,5 millionga ko‘p.