Oliy Majlis Senati 20-fevraldagi yig‘ilishida bog‘lar, xiyobonlar, sayilgohlar va yashil hududlarni xususiylashtirishni taqiqlash, shuningdek, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tushunchasini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

Senator Anvar To‘ychiyevning ma’lum qilishicha, o‘zgartirishlar yer uchastkalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida mulkdorlar, foydalanuvchilar va ijarachilarning xabardorligini oshirish, shuningdek, shaharsozlik normalari talablariga rioya etish maqsadida yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlariga aniqlik kiritishni nazarda tutadi.

Qonun, shuningdek, xiyobonlar, bog‘lar, sayilgohlar va dam olish maskanlarini muhofaza qilishni kuchaytirish, bu hududlarda bino va inshootlar qurilishining oldini olishga qaratilgan.

Bugungi kunda yer uchastkalaridan foydalanish huquqlarining kafolatlari shaharsozlik qonunchiligi bilan tartibga solinadi, bunda har bir hududiy zona uchun shaharsozlik qoidalari belgilanadi. Ushbu standartlarga rioya qilish yerdan qonuniy foydalanish va ko‘chmas mulkni qurish uchun zarur shart hisoblanadi.

Biroq amaldagi qonunchilikda “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish” tushunchasining aniq ta’rifi yo‘q, bu esa noaniqlik va investitsiyalarning iqtisodiy maqsadga muvofiq emasligiga olib keladi, dedi Senat a’zosi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlar qurilish imkoniyatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay turib yer uchastkasini sotib olib, keyin qurilishning iloji yo‘qligini yoki jiddiy cheklanganini bilib qoladigan holatlar mavjud.

Bunday holatlarning oldini olish uchun qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tushunchasini kiritish va uni huquqiy tartibga solish taklif etilmoqda.

Prezident qarori bilan 2025-yil 1-yanvardan boshlab barcha toifadagi yerlar, ham mavjud, ham yangi yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etiladi.

Yerdan ruxsat etilgan foydalanish Vazirlar mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yagona klassifikator bilan belgilanadi. U asosiy, shartli ruxsat etilgan va yordamchi turlarga bo‘linadi. Uchastkada kapital obyektlardan foydalanish maqsadi uning ruxsat etilgan turiga mos kelishi kerak.

Ushbu tur yerlarni berishda, uni baholashda, auksionda sotishda, qurilishga ruxsat berishda, infratuzilmaga yukni hisoblashda, shuningdek, soliq stavkalarini belgilashda hisobga olinadi.

Shartli ruxsat etilgan foydalanishni olish tartibi Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilanadigan infratuzilmaga tushadigan yukni qoplash orqali amalga oshiriladi. Toshkent shahrida 2027-yil 1-yanvarga qadar ushbu yig‘im qurilish hajmidan kelib chiqib hisoblab chiqiladi.

Bog‘larni xususiylashtirishni taqiqlash

Senator so‘nggi yillarda O‘zbekistonda umumfoydalanishdagi bog‘lar, xiyobonlar va dam olish maskanlarida qurilish ishlari kuchayayotgani, bu ko‘pyillik daraxtlarning kesilishiga, ekologik vaziyatning yomonlashishiga olib kelayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, ayrim bog‘lar noqonuniy ravishda mahalliy hokimiyatlar zaxirasiga o‘tkazilgan, bu esa kadastr hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish orqali ularning hududini qisqartirish imkonini bergan.

Asosiy sabab — bunday hududlarning yetarli darajada huquqiy himoyalanmagani va bu yerlarda qurilishni taqiqlovchi qat’iy qoidalarning yo‘qligi, deb hisoblaydi u.

Qonunda aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ularning hududlarini qisqartirish, bu hududlarda bino va inshootlar qurishni taqiqlash belgilangan.

Bundan tashqari, ushbu taqiqlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Senator Moyra Toshovaning bildirishicha, davlat mulki bo‘lgan va aholining yoki uning bir qismining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish hamda dam olishi uchun foydalaniladigan yer uchastkalari begonalashishiga yoki hududi qisqarishiga olib kelgan yer berish tartibini buzish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda (JK 229−4-moddasi 2-qismi yangi “g” bandi). Bu BHMning 300 dan 360 miqdorigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki muayyan huquqlardan mahrum qilgan holda 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Buning sababi mavjud choralar to‘sqinlik qilishga yetarli bo‘lmayotgan bunday xatti-harakatlarning ko‘payishi hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekistondagi 184 ta bog‘da yashil hududlar va o‘rmonlar qisqartirilgan, 944 ta bino va inshoot qurilgan (qurilish maydoni 431,6 ming kv. m yoki 43,16 ga). Shuningdek, 18 ta bog‘da 91 ta noqonuniy bino (7,6 ming kv. m / 0,76 ga), 98 bog‘da 1248 ta noqonuniy attraksion o‘rnatilgan. Bundan tashqari, bog‘ yerlarini davlat organlarining zaxira fondiga olib qo‘yish, ularni xususiylashtirish yoki begonalashtirish amaliyoti amalga oshirilmoqda.

Botanika bog‘larini muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritish, ularni xususiylashtirish va ular hududida qurilishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Qonunni ishlab chiqishda AQSh, Yaponiya, Avstraliya, Rossiya va Qozog‘iston tajribasi o‘rganilgani ta’kidlandi.

Davlat kadastrini yuritish qoidalarini buzganlik uchun ham jarima joriy etilmoqda. Mazkur jarayonga mas’ul mansabdor shaxslar ushbu qoidalarni buzganliklari, Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritish uchun ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortganliklari yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganliklari uchun 5 BHM (1 million 875 ming so‘m) to‘lashi kerak bo‘ladi.

27-sentabr kuni “Adolat” partiyasi yetakchisi Robaxon Mahmudova muhokama chog‘ida bog‘lar va ko‘kalamzorlashtirish hududlarida binolar qurish amaliyoti kengayib borayotganiga qarshi chiqib, bog‘larni xususiylashtirishni to‘xtatishni taklif qilgandi.

Deputatlar joylardagi vaziyatni o‘rganib, 184 ta bog‘da 940 ta noqonuniy qurilishlar, shuningdek, noqonuniy attraksionlar borligini aniqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bog‘lar hokimliklarining mahalliy fondiga olib qo‘yilishi amaliyoti kuzatilmoqda, shundan so‘ng davlat mulki noqonuniy ravishda xususiylashtiriladi yoki boshqa shaxsga o‘tkaziladi. U bu sohadagi qoidalarni qat’iylashtirish, shuningdek, bog‘lar, tibbiyot va ta’lim muassasalarini xususiylashtirishni taqiqlash tarafdori ekanini aytgandi.

Shu bilan birga, partiya dasturida bolalar oromgohlari, ta’lim va tibbiyot davlat muassasalari (maktab va shifoxonalar) hamda ularning hududlarini xususiylashtirish uchun javobgarlik joriy etish ham nazarda tutilgan edi, biroq muammo dolzarbligicha qolayotgan bo‘lsa-da, bu bandlar qonun loyihasiga kiritilmagan. Masalan, 2018−2022-yillar davomida O‘zbekistonda 200 ga yaqin maktab o‘z yerlarining bir qismini noqonuniy yo‘qotgan. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev darslar tanqisligini hisobga olib, buni “kelajakka xiyonat” deb atagandi. Uning fikricha, maktab yerlarini hokimlar talon-toroj qilgan, ammo “noqonuniy topshiriqni bajargan qo‘rqoq xodimlar” jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30-avgustdagi qarori bilan vazirlik va hokimliklarga yil oxirigacha samarasiz foydalanilayotgan yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari, jumladan, madaniyat markazlari, stadionlar, konsert zallari va istirohat bog‘larini inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirilgan edi. Shundan so‘ng ularni DXSH asosida xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar mahkamasiga takliflar kiritish kerak.