2024-yilda sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ular faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Natijada 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 holat o‘rganilmoqda. Bu haqda 20-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili 10 nafar sudyaga nisbatan yetarli asoslarsiz qo‘llangan intizomiy jazo choralarini bekor qilish yuzasidan ham tegishli malaka hay’atiga taqdimnoma kiritilgan.
“Sud ishlariga aralashuv, sudyalar daxlsizligiga ta’sir o‘tkazish ehtimollari bor, [bunday holatlar shu paytgacha] bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham kengashda sudyalar daxlsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi alohida tuzilma mavjud. Agar bunday holatlar bo‘lmaganida edi, bu tuzilmani keragi ham bo‘lmasdi”, — deydi sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov.
Kengash vakilining bildirishicha, bir holatda Chinoz tumani sudi raisi chiqargan qarordan norozi bo‘lgan tergov organi vakili sudya oldiga kelib, u bilan janjal qilgan. Bu tahdid sifatida qabul qilinib, kengash tomonidan prokuraturaga taqdimnoma kiritilgan. Hozirgi kunda ushbu ish bo‘yicha tergov-surishtiruv organi vakiliga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Foto: AOKA
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda sudyalarga ijtimoiy tarmoqlar orqali tahdid qilish hamda davlat organlari tomonidan ta’sir o‘tkazish holatlari ham bo‘lmoqda.
“Hozirda sud ishlariga aralashuv ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoq sudga ta’sir o‘tkazish uchun, sud ishlariga aralashuv uchun juda yaxshi bir imkoniyat bo‘lib qoldi. Hali hukm chiqmagan hamda sud jarayonlari ketayotgan ishlarga blogerlar, ayrim jurnalistlar, hatto, bloger-advokatlar orqali ham bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ta’sir o‘tkazish alomatlari uchramoqda”, — deydi Tursunali Akbarov.
Uning ta’kidlashicha, bunday holatlar bo‘yicha kengash vaqtida munosabat bildiryapti, raddiya beryapti va hokazo. Bundan tashqari, yuqori instansiya sudyalari tomonidan quyi instansiya sudlariga ta’sir o‘tkazish holatlari ham bor. Bu bo‘yicha kengash o‘z vaqtida chora ko‘ryapti, hatto lavozimidan ozod etilayotganlari ham bor, deydi mansabdor.