2024-yilda 40 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Bu haqda 20-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ishdan bo‘shatilgan sudyalarning 19 nafari o‘z arizasiga ko‘ra, 11 nafari sudyalik qasamyodini, 10 nafari esa Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod qilingan.

Tadbirda qayd etilishicha, o‘tgan yili kengash tomonidan sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida 783 nafar nomzod (umumiy nomzodlarning 84,2 foizi) tavsiya etilgan lavozimga munosib, deb topilgan. Ularning 142 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi 5 yillik, 146 nafari 10 yillik muddatga, 5 nafari muddatsiz davrga, 250 nafarining vakolati muddatiga qayta tayinlangan.

sudya, sudyalar oliy kengashi

Foto: AOKA

“Sudyalar korpusini shakllantirishda gender tengikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024-yilda ayol sudyalar 34 nafarga ko‘payib, ular soni jami 225 nafar yoki 15 foizga yetdi. 22 nafari rahbarlik lavozimlariga tayinlangan. Ayol sudyalarimizning 3 nafari Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi”, — deydi O‘zbekiston Sudyalar klubi raisi, kengash sudyasi Malikaxon Qalandarova.

Uning aytishicha, 2025-yil 20-fevral holatiga ko‘ra, tizimda 1518 nafar sudya faoliyat yuritmoqda. 500 nafari mazkur lavozimda bo‘lishning birinchi 5 yillik, 964 nafari 10 yillik muddatga, 54 nafari muddatsiz davriga tayinlangan (saylangan).