Buyuk Britaniya O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, elchixona ko‘magida prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning Londonga tashrifi tashkil etilgan.
Tashrif davomida Britaniya biznes va savdo vazirining o‘rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlar darajasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvlarda Britaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko‘rishi va rasmiy Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada jadallashtirishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Tomonlar xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qildi. Buyuk Britaniya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi tasdiqladi, deyiladi xabarda.
Britaniya Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘sish va rivojlanish dasturi orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik yordamni kengaytirish, dastur doirasida mutaxassislarining institutsional salohiyatini mustahkamlash, ularning xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashadi.
Ushbu uchrashuvlar to‘g‘risida JST bo‘yicha maxsus vakil Azizbek Urunov ham atroflicha to‘xtalib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, Londonda Biznes va savdo departamenti jamoasi bilan ikki tomonlama muzokaralarni ilgari surish bo‘yicha samarali muloqotlar o‘tkazilgan.
“Ushbu imkoniyatdan foydalanib, ularning samimiy qabuli, mazmunli va konstruktiv munosabati hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganlari uchun chuqur minnatdorligimizni bildirmoqchiman”, — deb yozdi vakil LinkedIn`dagi sahifasida.
2024-yil noyabr oyi boshida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiy kunlarida prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Toshkent Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Shveysariya va boshqa davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini ta’kidlagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga kirishi — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarning ajralmas bir qismi, degandi. “Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev may oyida O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi.
O‘zbekistonda 2024-yil oxirlarida Filippin, Salvador, AQSh, Xitoy, Pokiston va Tailand bilan JST bo‘yicha muzokaralarni yakunlagan. Tomonlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini intiqlik bilan kutayotganini ta’kidlagan.