AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dastlabki variantni rad etganidan keyin Ukrainaga foydali qazilmalar bo‘yicha yangilangan bitim loyihasini taqdim etdi, deb yozmoqda Axios portali Ukraina va AQSh rasmiylari hamda yana uchta manbaga tayanib.
Nashr suhbatdoshlarining fikricha, bitim tuzish ehtimoli tobora ortib bormoqda. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh yangi versiyada Zelenskiyning “ba’zi xavotirlarini” hisobga olgan. Hujjatdan ukrainaliklarni xavotirga solgan qoidalar, jumladan, kelishuv Nyu Yorkdagi sud yurisdiksiyasiga kirishi olib tashlandi.
“So‘nggi loyihada sezilarli yaxshilanishlar qilindi va u Ukraina qonunchiligiga mos keladi”, — dedi Axios manbalaridan biri.
Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning maslahatchilari uni Tramp bilan keyingi qarama-qarshilikdan qochish uchun yangilangan kelishuvni imzolashga ko‘ndirgan.
Reuters bir kun avval manbalarga tayanib, Tramp ma’muriyati Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish bo‘yicha soddalashtirilgan kelishuv tuzishga harakat qilishi mumkinligini yozgandi.
Bunday yondashuv AQShga ko‘plab huquqiy va moddiy-texnik to‘siqlarni chetlab o‘tish imkonini beradi, shuningdek, bitim tafsilotlarini, jumladan, daromadlarni taqsimlashni muhokama qilish uchun vaqt beradi, deya qayd etdi agentlik.
Reuters suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Tramp Kiyevga qo‘shimcha harbiy yordamni ma’qullash yoki Ukraina va Rossiya o‘rtasida rasmiy tinchlik muzokaralarini tashkil etishga urinishdan oldin Ukraina bilan kelishuv tuzmoqchi.
Bundan tashqari, agentlik manbalariga ko‘ra, Tramp Amerika xalqiga AQSh Ukrainaga yordam uchun sarflangan pullarni qoplab berishini ommaga ma’lum qila olgani muhim.
Kelishuv haqida nimalar ma’lum va u haqidagi g‘oya qayerdan kelib chiqqan?
Ukraina va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik g‘oyasi dastlab Zelenskiy tomonidan o‘tgan yilning sentabr oyida Nyu Yorkda Tramp bilan uchrashuvda bildirilgandi. Shu tariqa, Ukraina rahbari “AQSh prezidentining biznesga yo‘naltirilgan tafakkuriga murojaat qilishga” uringan, deb yozadi New York Times. Tashabbusni Amerikaning nufuzli siyosatchilari, jumladan, Trampning partiyadoshlari ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan muhim resurslarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish taklifi ham Zelenskiy 2024-yil kuzida g‘arblik hamkorlariga taqdim etgan “g‘alaba rejasi”ga kiritilgan.
Ukraina rasmiylari o‘tgan yil oxirida AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati bilan ham shunday kelishuv tuzishni rejalashtirgandi, biroq Trampning lavozimga kirishishini kutib, hujjat imzolanishini kechiktirgan.
Fevral oyi boshida Tramp Ukraina bilan shartnoma tuzmoqchi ekanini, unga ko‘ra Kiyev Amerika yordami evaziga nodir metallar yetkazib berishini ma’lum qilgandi. “Biz Ukraina bilan bitim tuzmoqchimiz, uning doirasida ular o‘zlarining nodir metallari va boshqa narsalari evaziga biz ularga berayotgan narsalarni olishadi”, — degan AQSh prezidenti.
Biroq Trampning so‘zlaridan u “nodir metallar” atamasini barcha turdagi muhim minerallarga nisbatan ishlatganmi yoki faqat nodir metallarga nisbatan ishlatganmi, aniq emas edi.
Ukraina uran, litiy va titanning katta zaxiralariga ega, ular muhim minerallardir, ammo nodir metallar emas. Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 20 dan ortiq muhim minerallar konlari mavjud, ammo zaxiralarning bir qismi Rossiya Ukrainada bosib olgan hududlarda qolmoqda.
O‘tgan haftalar davomida Tramp AQShga to‘lov sifatida Ukrainadan muhim minerallarni olishni istashini bir necha bor aytgan. Fox News telekanaliga bergan intervyularidan birida u Kiyevdan “500 milliard dollarga yaqin noyob yer metallari ekvivalentini” olishni xohlashini bildirgan.
AQSh birinchi marta Ukrainaga kelishuvni imzolashni 12-fevral kuni AQSh moliya vaziri Skott Bessentning Kiyevga tashrifi chog‘ida taklif qildi. Hujjat loyihasida aytilishicha, AQSh Ukrainada foydali qazilmalarni qazib olish va sotishdan tushgan daromadning 50 foizini oladi va kelishuv Nyu Yorkdagi sud yurisdiksiyasida bo‘lib, Ukrainaning boshqa savdo shartnomalariga nisbatan ustunlikka ega bo‘ladi.
Bessentning aytishicha, Tramp kelishuvni zudlik bilan imzolashni talab qilgan, ammo Zelenskiy hozirgina olgan hujjatni imzolay olmasligini aytgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Kiyevdagi elchisi Bessent kelishidan uch soat oldin kelishuv loyihasini Zelenskiyga topshirgan.
Ukraina rasmiylari, shuningdek, kelishuv loyihasi mamlakat uchun hech qanday xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmaganidan hafsalasi pir bo‘lgan, deya ta’kidlaydi Axios.
“Hujjat faqat bir narsada aniq edi — biz u yerda sanab o‘tilganlarning 50 foizini berishimiz kerak… U yerda ko‘p narsa bor, lekin xavfsizlik kafolatlari haqida bir og‘iz ham gap yo‘q”, — dedi keyinroq Zelenskiyning o‘zi.
Bessentning tashrifidan bir necha kun o‘tib, Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens va AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Ular unga unchalik majburiy bo‘lmagan anglashuv memorandumi loyihasini taqdim etishdi, biroq Ukraina prezidenti kelishuvni imzolay olmasligini, chunki uni parlament ma’qullashi kerakligini aytdi, deb yozadi Axios Ukraina rasmiysiga tayanib.
“Biz uchun bu Zelenskiy jamoasi ushbu uchrashuvgacha bizga aytmagan yangilik bo‘ldi”, — dedi Tramp ma’muriyati vakili Axios nashriga.
AQSh va Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Zelenskiyning foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvdagi pozitsiyasi Trampning hafsalasini pir qilgan hamda AQSh va Rossiya delegatsiyalarining Saudiya Arabistonidagi uchrashuvi tufayli mavjud keskinlikni kuchaytirgan. Kuni kecha Tramp Ukraina yetakchisini tanqid qilib, Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini talab qildi, shuningdek, Zelenskiyni “saylovlarsiz diktator” deb atadi. Ukraina prezidenti bunga javoban Amerika yetakchisi “dezinformatsion makonda yashayotgani”ni aytdi.