Air Samarkand aviakompaniyasining Toshkent-Jidda yo‘nalishida harakatlangan samolyoti Bahraynga majburiy qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 21-fevral kuni parvoz davomida 75 yoshli yo‘lovchida takroriy infarkt sodir bo‘lgan. Samolyot bortida bo‘lgan shifokor bemorning hayoti xavf ostida ekanini tasdiqlagan.

Havo kemasi komandiri Roman Talanov boshchiligidagi ekipaj bemorga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Bahraynga favqulodda qo‘nish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Bort kuzatuvchilar shifokor bilan birgalikda bortdagi tibbiy qutilar va uskunalar yordamida bemorga birinchi yordam ko‘rsatgan. Aeroportda bemor barqaror holatda tez yordam brigadasiga topshirilgan.