Avstraliyada bolalar ijtimoiy tarmoqlar tomonidan o‘rnatiladigan minimal yosh chegarasini osongina chetlab o‘tishlari mumkin. Bu haqda mamlakat onlayn-xavfsizlik regulyatori hisobotiga tayanib, Reuters xabar berdi.
ESafety hisoboti sakkiz yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bo‘yicha milliy so‘rov natijalarini, shuningdek, Alphabet, YouTube, Meta, Facebook va Amazon, Twitch kabi sakkizta xizmatning javoblarini birlashtirdi.
2024-yil noyabr oyida Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun qabul qilingandi va hujjat bunday taqiq bo‘yicha dunyodagi eng qat’iy talablardan biri ekani ta’kidlangan. Taqiq 2025-yil oxiridan kuchga kirishi kerak.
Hisobotga ko‘ra, 2024-yilda sakkiz yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan avstraliyalik bolalarning 80 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan, YouTube, TikTok, Instagram Snapchat ular orasida eng mashhur xizmatlar bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, Reddit`dan tashqari barcha xizmatlar ro‘yxatdan o‘tish bosqichida tug‘ilgan sanani talab qilgan, biroq ularning barchasi faqat foydalanuvchining o‘zi tasdiqlagan ma’lumotlarga tayanib, yosh tekshiruvining boshqa vositalaridan foydalanmagan.
“Har qanday ijtimoiy media platformalari tomonidan yoshni belgilashda hukumatning minimal yosh to‘g‘risidagi qonunchiligini amalga oshirish uchun hali ham sezilarli ishlar qilinishi kerak”, — dedi ESafety komissari Juli Inman Grant.
Yaqinda yoshga oid taqiqdan chiqarilgan YouTube ota-ona nazorati ostidagi oilaviy hisobga biriktirilganda 13 yoshgacha bo‘lganlarga ham foydalanish imkonini beradigan yagona xizmatdir. Shunga qaramay, hisob raqamiga ega sakkiz yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning hech biri voyaga yetmagani sababli ishlamay qolgani haqida xabar bermadi, deyiladi hisobotda.
16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning 95 foizi so‘rovda qatnashgan sakkizta xizmatdan kamida bittasidan foydalanadi.
Xabarda aytilishicha, TikTok, Twitch, Snapchat va YouTube 13 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarni proaktiv aniqlash vositalaridan foydalangan bo‘lsa-da, boshqalar texnologiya mavjud bo‘lishiga qaramay, ulardan foydalanmagan.
“2023-yil boshidan buyon bizning proaktiv yoshni aniqlash vositalarimiz natijasida 13 yoshga to‘lmaganlikda gumon qilingan bir milliondan ortiq avstraliyalik foydalanuvchilarning hisobi yopildi”, — deydi TikTok vakili.
Facebook va Instagram egasi bo‘lmish Meta kompaniyasi vakilining aytishicha, kompaniya onlayn rejimda bolalarning yoshiga mos keladigan tajribalarni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq yosh cheklovlarini joriy etish ilovalar do‘konlari zimmasida bo‘lishi kerak.
Twitch 13 yoshdan kichik deb taxmin qilingan foydalanuvchilarni tezda aniqlash va hisobini o‘chirib tashlash uchun vositalarni kengaytirish hamda sarmoya kiritishda davom etmoqda, dedi kompaniya vakili Reuters nashriga.
Reddit izoh berishdan bosh tortdi, Discord, Snapchat va YouTube izoh so‘rovlariga darhol javob bermadi, deydi agentlik.
Xizmatlarning aksariyati o‘zlarining yoshga oid kafolatlarini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan, deyiladi hisobotda.
- 2024-yil mart oyida AQShning Florida shtatida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi qonun qabul qilingandi. Cheklovlarni buzgan kompaniyalar 50 ming dollargacha jarimaga tortiladi. Ushbu choralar AQShdagi eng keskin choralardan biriga aylandi.
- Xitoy hukumati ham 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mobil qurilmalarda internetdan foydalanish vaqtini cheklashni rejalashtirgandi. 2023-yilning avgust oyida ular internet-kontentni bolalar yoshiga qarab taqsimlash qoidalarini joriy qilgan.