O‘zbekiston Oliy sudi Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov atrofidagi yetti nafar fuqaroning shikoyatini taftish tartibida ko‘rib chiqdi. Bu haqda sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Avvalroq B. Yoqubov, S. Sidikov, A. Qurbonmurodov, A. Tashov, A. Salimov, J. Turg‘unov va X. Zufarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanib,15 sutka qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Ularning shikoyatlarini ko‘rib chiqish 13-yanvardan boshlandi (batafsil). Advokatning ta’kidlashicha, fuqarolar asossiz ravishda 15 sutkaga qamalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish sud-huquq tizimida, xususan, advokatlarga murojaat qilishda “juda ko‘p kamchiliklar”ni aniqlagan.

21-fevral kuni Oliy sudda taftish tartibida ko‘rilgan ishda yuqoridagi 7 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud qarori e’lon qilindi.

E’lon qilingan sud qaroriga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillar yetarli bo‘lmaganligi sababli, B. Yoqubov, S. Sidikov, A. Qurbonmurodov, A. Tashov, A. Salimov, J. Turg‘unov va X. Zufarovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatildi.

Ish yuzasidan surishtiruv harakatlarini olib borishda huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillarni to‘plash choralarini ko‘rmagan IIB xodimiga nisbatan Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek ishni sudda ko‘rib chiqishda huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligiga e’tibor bermagan sudyalarga nisbatan Sudyalar malaka hay’atiga xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirildi.

Avvalroq O‘zbekiston Harbiy sudi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirishda ayblangan 10 kishini uzoq muddatga (23 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilgan edi. Mahkumlar orasida Shuhrat Rasulov, Javlon Yunusov, Shohrux Ahmedov, Ismoil Jahongirov va Doniyor Toshxo‘jayev bor.