Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni issiqlik va elektr energiyasi yetkazib beruvchilarni ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Avvalroq Senatda energiya resurslari iste’molchilarining to‘lov intizomi pastligi energiya ta’minoti korxonalarining moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlangandi. Xususan, yuzaga kelgan debitorlik qarzini qisqa muddatlarda undirish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari cheklanayotgani qayd etilgan.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bundan buyon issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchi korxonalar iste’molchilarning qarzlari bilan bog‘liq da’vo ariza va shikoyatlarni fuqarolik va iqtisodiy sudlarga topshirishda davlat bojini to‘lamaydi.
Biroq ularning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda mazkur davlat bojini issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilardan undirish belgilanmoqda.
Shuningdek, aniqlik kiritilishicha, bundan buyon xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida akkreditatsiyadan o‘tganligi uchun har yili davlat boji to‘lashi lozim.