Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, Mudofaa vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan qurol-yarog‘larni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va istiqbolli ishlanmalarni qo‘shinlarda joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar bo‘yicha startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Tashrif chog‘ida prezidentga harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyiha va rejalar taqdimot qilindi.
Davlat rahbari bu birinchi qadamlar bo‘lganini aytib, mudofaa tizimining raqobatbardoshligini oshirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
U, xususan, ishlab chiqarishni muntazam takomillashtirib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, bunda innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalanish muhimligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev buyurtma asosida sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etib, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulot turlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, mutaxassislarni tizimli tayyorlash, yangi texnikalar bo‘yicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, 17−21-fevral kunlari Abu-Dabi shahrida (BAA) bo‘lib o‘tayotgan IDEX-2025 ko‘rgazmasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulotlar namunalari namoyish etilmoqda. Xorijiy hamkorlarda qiziqish uyg‘otgan “Arslon 8×8” va “Arslon 6×6” zirhli transportyorlar, “To‘fon” o‘ziyurar gaubitsasi shular jumlasidan, deyiladi xabarda.
Tashrif yakunida prezident mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ko‘rsatib, mutasaddilar oldiga mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va mahalliy korxonalarning xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘ydi.