O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQShda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarni vatanga xavfsiz deportatsiya qilishda Amerika tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, deya ma’lum qildi TIV matbuot kotibi Axror Burxanov.
Uning ta’kidlashicha, ikki tomonlama kelishuvlarga asosan, AQSh deportatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklarning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. Fuqarolar esa, o‘rnatilgan amaliyotga muvofiq, vatanga Nyu York-Toshkent yo‘nalishi orqali qaytadi.
TIV, shuningdek, so‘nggi kunlarda OAVda e’lon qilingan O‘zbekiston fuqarolarining AQShdan Lotin Amerikasi davlatlariga, xususan, Panama va Kosta Rikaga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Diplomatik vakolatxonalarimiz Amerika tomoniga o‘zbekistonliklarning boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ma’lumot berishni so‘rab murojaat qildi, deb yozdi Burxanov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu borada Lotin Amerikasi davlatlari bilan ham diplomatik kanallar orqali aloqalar o‘rnatilgan.
- 20-fevral kuni AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan 200 nafar migrant (Markaziy Osiyo va Hindiston fuqarolari) Kosta Rikaga jo‘natilgandi. Bu Panamaga reysdan keyingi ikkinchi amaliyot bo‘ldi. Ular olti haftagacha muddatda vataniga qaytariladi, bu vaqt davomida ular migrantlarni saqlash markazida bo‘ladi.
- Kosta Rika prezidenti ma’muriyati jarayon to‘liq AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilishi va BMT huzuridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti nazorati ostida amalga oshirilishini ma’lum qildi.