Prezident tomonidan 20-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi. Qonun 2024-yil 25-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, Senatda esa 16-avgust kuni ma’qullangan.
Qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolasini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi belgilanmoqda.
Biroq ular tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlarga yoxud maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’limni amalga oshirayotgan shaxslarga diniy ta’lim olish uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.