O‘zbekistonda huquq-tartibot xodimlari videolarini “obro‘sizlantiradigan” tarzda buzib tarqatishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Hujjat matni Lex.uz portalida e’lon qilindi.
20-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Jinoyat, Jinoat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi.
Shu hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 195−2-moddasi kiritildi. Unda shunday deyiladi:
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon tarmog‘ida tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, 20-fevral kuni imzonlangan qonunda haydovchilar uchun jarima ballari tizimini joriy etishga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham nazarda tutilgan (batafsil bu yerda).
Javobgarlik belgilash bo‘yicha taklif tarixi
Dastlab 2022-yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining roziligisiz faoliyati aks etgan fotosuratlar va videolarni internetda joylashtirishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Bu vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgandi.
2023-yilning noyabrida huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish va haqorat qilish maqsadida” ularning faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi va qabul qilindi. Hujjat Senat muhokamasiga yuborildi.
E’tiborli jihati, mazkur qoida ushbu sohaga tegishli bo‘lmasada, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan” kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kiritilgandi.
Birinchi o‘qishda deputat Doniyor G‘aniyev huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini ta’kidladi.
“Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin. Bu xodimlarning ruhiy holatini yaxshilashga olib kelishi mumkin deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q, bu aks natija beradi. Biz huquq-tartibot idoralari xodimlari, xususan, ichki ishlar xodimlari fuqarolarning haqiqiy tayanchi, do‘sti va himoyachisi bo‘lgan institutga aylanishini istaymiz”, — dedi u.
Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, agar shunday me’yor qabul qilinsa, “fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan hurmatini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”.
Doniyor G‘aniyev qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda muhokama qilish chog‘ida hamkasblaridan ushbu modda yuzasidan ham fikr bildirishni so‘ragandi.
“Agar biz hozir ma’lum moddani ma’lum bir kasb egalari uchun qo‘shadigan bo‘lsak, bu pretsedent ochib beradi. Ertaga har bir kasb uchun yangi modda yozishimiz kerakmi? Shifokorlarni obro‘sizlantirish uchun, pedagogni obro‘sizlantirish uchun. Axir, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasi turibdiku, u hammaga — huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga, shifokorlarga, davlat xizmatchilariga, davlat xizmatiga aloqador bo‘lmagan shaxslarga ham tegishli”, — degandi, shuningdek, Doniyor G‘aniyev.
Shuningdek, депutaт Umid Jabborov mazkur hujjat konseptual shaklda qabul qilinganda bunga mutlaqo qarshi ekanini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarkibiga 5−6 ta tuzilma (Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati) kiradi, mazkur norma yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi nomiga mantiqan to‘g‘ri kelmaydi.
Parlament a’zosi, shuningdek, fotosurat va videolarni olgan shaxsning maqsadi aynan huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish va haqorat qilish” ekanligini aniqlash qanday rejalashtirilayotgani haqida so‘ragandi.
Ovoz berish jarayonida o‘zgartirishlarni 94 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 2 nafari qarshi chiqdi, 3 nafari betaraf qoldi, 7 nafari esa ovoz bermagandi.
11-yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi majlisida bu qonun, ya’ni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjat dastlabki tarzda muhokama qilindi. Muhokamada bunday harakatlarni taqiqlash va jazolash Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlar qonunchiligida mavjudligi ta’kidlangandi.
15-yanvar kuni Senat qo‘mitasi OAV va blogerlar ishtirokida qonunni muhokama qilib, savollarga javob qaytardi. Muhokamalarning aynan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tasvirlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatish bilan bog‘liq qismi bilan batafsil mana bu materialda tanishish mumkin.
Hujjatni Senat birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqdi. Ushbu majlisda Senat qonunni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytardi. Biroq hujjat Konstitutsiyada belgilangan tartib bo‘yicha ancha avval ko‘rib chiqilishi lozim edi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 99-moddasiga muvofiq Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay Senatga yuboriladi. Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun prezidentga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, qonun Qonunchilik palatasi tomonidan imzolanishi va e’lon qilinishi uchun prezidentga yuboriladi.
Parlament quyi palatasining 2023-yil 28-noyabrdagi qarorida ham agar Senat ushbu qonun Senatga kelib tushgan kundan boshlab 60 kun ichida tegishli qaror qabul qilmasa, hujjat bevosita prezidentga yuborilishi aytilgan. Shunday qilib, agar Senat 2024-yil 5−6-fevralgacha yig‘ilish o‘tkazmasa va ushbu qonun yuzasidan qaror qabul qilmasa, u prezidentga imzolanish uchun yuborilishi lozim edi.
16-avgust kungi yig‘ilishda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qonunni, ayniqsa, jarima ballari va “huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida” videolavhalar e’lon qilishni taqiqlash bo‘yicha normalarni takomillashtirish zarurligini aytgandi.
Shuning bilan 2024-yilning 24-yanvariga kelib Senat kelishuv komissiyasi tomonidan qayta ishlangan qonunni ko‘rib chiqdi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qòmitasi raisi Qutbiddin Burxonov komissiya hujjatga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritganini ma’lum qildi:
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 195−2-moddasi qayta ishlandi. Burxonovning qayd etishicha, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirishi va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolingan. [Lekin qonunning avvalgi versiyasida ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish taqiqlanishi belgilanmagan edi — tahririyat].
“Kelishuv komissiyasida fuqarolarning ushbu huquqi cheklanmasligi kerakligi haqida yakdil xulosaga kelingan. Ya’ni fuqarolar organ xodimlarining xatti-harakatini bemalol tasvirga tushirishi ham, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi ham mumkin. Organ xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda, bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti”, — dedi senator.
“Qonun faqatgina xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslikni, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va holatni buzmaslikni, montaj qilmaslikni talab etmoqda”, — dedi ma’ruzachi.
Uning qayd etishicha, yangi taklif etilayotgan modda va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yolg‘on axborot tarqatishga oid amaldagi 202−2-moddasi o‘rtasida kolliziya ham bartaraf etilgan, xususan:
Birinchidan, yangi kiritilayotgan moddaning dastlabki tahrirda qo‘llanilgan “yolg‘on, noaniq” degan so‘zlar chiqarib tashlandi. Ya’ni, 202−2-moddada “qadr-qimmatni kamsituvchi yoki obro‘sizlantiruvchi yolg‘on axborot”, 195−2-moddada esa, “obro‘sizlantiruvchi buzilgan axborot”ni tarqatish taqiqlangan.
“Bu yerda huquqbuzarlik predmeti sifatida aynan buzilgan, montaj qilib tarqatilgan axborot nazarda tutilmoqda. Ushbu norma amaldagi qonunchilikda belgilangan majburiyatlarga ham mos keladi. Xususan, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida axborotni buzib talqin etish taqiqlangan bo‘lib, tarqatilayotgan axborotning haqqoniyligi uchun javobgarlik axborot muallifi zimmasiga yuklatilgan”, — dedi Burxanov.
Ikkinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasining obyekti muayyan bir fuqaroning buzilayotgan huquqlari bo‘lsa, muhokama etilayotgan yangi modda xodim shaxsini emas, davlatning huquqni muhofaza qilish tizimini himoya qilishga qaratilgan, deya ta’kidladi ma’ruzachi.
Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195−2-moddada javobgarlik yuzaga kelishining qo‘shimcha sharti nazarda tutilganligi bilan asoslanadi. Ya’ni foto yoki videotasvir xodimning jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan bo‘lishi lozim.
Uchinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik takroran sodir etilsa, Jinoyat kodeksning 244−6-moddasiga asosan jinoiy javobgarlik kelib chiqadi, yangi kiritilayotgan huquqbuzarlik esa faqat ma’muriy javobgarlik bilan cheklanmoqda.
“Shu bilan birga ushbu moddani qabul qilish uchun shart-sharoit o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Chunki, ijtimoiy tarmoqlar va Internet so‘nggi yillarda hayotimizga chuqur kirib keldi, ularda tarqatilayotgan material qamrovi ommaviy axborot vositalariga nisbatan karrasiga oshib ketdi. Bu o‘z navbatida virtual makonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni turli xil buzib tarqatilgan axborot xurujlaridan himoya qilish orqali jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zaruratini keltirib chiqarmoqda”, — dedi Burxonov.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jazo miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqildi:
- qat’iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima — 20 baravardan 50 baravargacha qilib;
- qat’iy belgilangan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish — 10 sutkagacha, ma’muriy qamoqqa olish muddatiga deb qisqartirilmoqda, ya’ni holatdan kelib chiqib sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
O‘sha kuni qonun Senat tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborilgandi.